“Davlat boji to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, davlat boji yuridik ahamiyatli harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to`lovdir.
Konsullik yig`imi va patent boji ham davlat boji hisoblanadi.
Qonunga ko`ra, vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va o`ziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to`lovchilar hisoblanadi.
Shuningdek, Qonunda davlat bojini undirish ob`ektlari hamda davlat boji stavkalarining miqdorlari belgilandi.
Qonun bilan davlat bojini to`lashdan ozod qilinadigan jismoniy va yuridik shaxslarning qat`iy ro`yxati belgilab berildi.
Jumladan, fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarda da`vogarlar ish haqini undirish to`g`risidagi da`volar, alimentlar undirish to`g`risidagi da`volar yuzasidan davlat bojini to`lashdan ozod qilinadi.
Davlat bojining to`g`ri hisoblab chiqarilishi, to`liq undirilishi va Davlat byudjetiga o`z vaqtida o`tkazilishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






