Navoiylik o`quvchi Suhrob Haydarov bolalarga to`rt tilni o`rgatuvchi robot hamda tovuqlarni yilning to`rt faslida parvarishlovchi "Aqlli katak" ixtiro qildi. U mazkur ixtirolari bilan xalqaro robototexnika olimpiadasida ishtirok etib, 1-o`rinni egalladi.
2003 yilning 26 noyabrida Navoiy shahrida muhandislar oilasida dunyoga kelgan o`g`longa ota-onasi orzu-havas bilan Suhrob deya ism qo`ydi. Bolakay oilaning to`ng`ich farzandi bo`lgani bois unga yaxshi ta`lim-tarbiya bera boshlashdi. O`g`il bola bo`lgani uchun ham Suhrob bolaligidan singan o`yinchoqlarini o`zi tuzatishga urindi. Boladagi qobiliyatni payqagan ota farzandiga yanada kengroq imkoniyat yaratib berdi. Farzandiga internetdan qanday foydalanishni o`rgatib, qurish va yasash bo`yicha videoroliklar ko`rishni tavsiya qildi. Onasi shifokor bo`lgani bois farzandiga kompyuterdan to`g`ri foydalanish tartiblarini o`rgatdi. Shu bilan birga Suhrob 4 tilni, ya`ni o`zbek, rus, ingliz va koreys tillarida mukammal suhbatlashishni o`rgana boshladi.
Ota-onasi o`gitlariga amal qilgan Suhrob ijtimoiy tarmoqlardan foydali videoroliklarni ko`ra boshladi. Robototexnikaga oid lavhalarga kundan-kun qiziqishi ortib bordi. Yoshiga yosh qo`shilgan sari axborot texnologiya sohasiga qiziqib, ixtirolar bilan shug`ullana boshladi.
Suhrob Haydarov Navoiy viloyati, Navoiy shahridagi 4-umumta`lim maktabida tahsil olib, bo`sh vaqtida ijtimoiy tarmoqlar orqali dasturlash, robototexnika yo`nalishi bo`yicha mustaqil bilim ola boshladi.
Yozgi ta`til kunlari Suhrob qishloqda oilaviy dam olishni xush ko`rardi. Qishloqda ham bekor yurmay, broyler tovuqlarini parvarishlay boshladi. Tovuqlarga yilning 4 faslida parvarish kerak, lekin doimam qishloqda yashamaydigan Suhrob 15 yoshida “Aqlli katak”ni ixtiro qildi. Bu ixtiro tovuqlarni professional boqish uchun yaratilganligi mutaxassislar tomonidan alohida e`tirofga sazovor bo`ldi. Mazkur ixtirodan zavqlangan Suhrob “Robot Maks” kabi IT loyihalarini yarata boshladi. Maks ismli robot ingliz, fransuz va koreys tillarida erkin so`zlashishi, shu bilan birga 7 yoshgacha bo`lgan bolalarga ushbu tillarni o`rgata olishi bilan omma e`tiborini o`ziga jalb etdi.
Asta-sekin qator robototexnika olimpiadalari hamda ko`rik-tanlovlarida qatnashgan Suhrob Haydarov faxrli o`rinlarni egallay boshladi. Xususan, 2018 yilning oktyabr oyida “Iqtidorli yoshlar forumi”ning Respublika miqyosida robototexnika yo`nalishi bo`yicha 1-o`rinni egalladi. Bir oydan so`ng 24-25 dekabr kunlari o`tkazilgan “Youth techno art-2018” Respublika tanlovining “Robototexnika” yo`nalishida 1-o`rinni egallab, xalqaro “Youth techno art-2019” festival-tanlovida qatnashish uchun yo`lanmani qo`lga kiritdi.
Shuningdek, Suhrob Evropa davlatlarida turli ko`rik-tanlovlarda ishtirok etdi. Jumladan, Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida bo`lib o`tgan “Kampus-2019” xalqaro DIV va robototexnika olimpiadasida faol qatnashib, 3-o`rinni qo`lga kiritdi. Vengriyaning Dor shahrida 2019 yilning 8-10 noyabr kunlari bo`lib o`tgan WRO-2019 xalqaro robototexnika olimpiadasida 1-o`rinni egallab, EDUTUS universitetida 100 foizlik imtiyozli grand asosida o`qish imkoniga ega bo`ldi. Youth techno art - 2019 xalqaro robototexnika olimpiadasida 1-o`rinni egalladi. NYC ya`ni National youth conference “Milliy yoshlar konferensiyasida” IT speaker bo`lib faol ishtirok etdi. “Carnival of robotics” nomli robotlar karnavalida organizatorlik qildi.
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev viloyat hokimlariga 20 qavatdan kam bo`lmagan “IT PARK”larini barpo etish bo`yicha topshiriq berganida axborot kommunikasion texnologiyalari sohasiga qiziqqan yoshlar juda xursand bo`ldi, - deydi Suhrob Haydarov. – Biz yoshlar 2020 yilda axborot texnologiyalari sohasida yaratiladigan sharoitlardan unumli foydalanib, kelgusida yurtimiz rivoji uchun munosib hissa qo`shamiz.
Hozirda Suhrob Haydarov yosh bo`lishiga qaramay, Navoiy viloyati “Barkamol avlod” bolalar markazida tashkil etilgan “Yosh olimlar klubi”ga rahbarlik qilmoqda. Shuningdek, u “IT PARK” huzuridagi “Raqamli texnologiyalar markazi”da “Robototexnika” bo`yicha mentor vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.






