AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi: munosib maosh korrupsiyaga qarshi samarali vositadir

'Adliya vazirligi: munosib maosh korrupsiyaga qarshi samarali vositadir'ning rasmi

Joriy yilning 3 yanvar kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Umid 2.020” xalqaro konferensiyasida “Hozir maoshlarimiz qanchaligini yashirishga hojat yo`q, hammasi shaffof. Masalan, Adliya vazirligidagi boshqarma boshliqlari (mukofot pullari va boshqa to`lovlar bilan birga) kamida 15-16 million so`m oylik maosh olishmoqda” degan ma`lumotni bergan. Adliya vazirligi ushbu ma`lumotga batafsil to`xtalib, qo`shimcha tushuntirish berdi.

"Adliya vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining maoshlarini ochiqlashdan maqsad xalqaro miqyosdagi konferensiya minbaridan turib xorijda faoliyat yuritayotgan o`zbekistonlik kadrlarni o`z yurtimizga chorlash va ular uchun davlat rahbariyati tomonidan etarli sharoitlar yaratilganini ta`kidlashdan iborat edi.

Adliya vazirligi ushbu ma`lumotni yanada oydinlashtirish uchun quyidagilarni ma`lum qiladi.

Birinchidan, Adliya vazirligida boshqarma boshliqlari haqiqatdan ham 2019 yil davomida olgan barcha mablag`larining umumiy summasi 12 ga bo`linganda 15-16 million so`m atrofidagi summa kelib chiqadi.

Bunda olingan mablag` tarkibi quyidagilardan tashkil topgan:

• yagona tarif setkasi bo`yicha maosh;

• maoshga ustamalar – martaba darajasi uchun ustama, ko`p yil ishlagani uchun ustama, shaxsiy ustama, davlat xizmatchisi sifatida belgilangan ustama;

Bayramlar (Yangi yil, Xotin qizlar kuni (faqat ayollarga), Navro`z, Mustaqillik kuni, Konstitusiya kuni, Ro`za hayit, Qurbon hayit) va har yarim yillik yakuni uchun mukofotlar;

• bir yilda bir marta ikki oylik ish haqi fondi miqdoridagi moddiy yordam;

• yillik mehnat ta`tili uchun to`lanadigan mablag`;

• ovqatlanish va yo`l haqi uchun kompensasiya.

Ikkinchidan, Adliya vazirligida bu kabi oylik ish haqining belgilanishining asosiy sababi tizimga eng malakali xodimlarni jalb qilish hisoblanadi. Xususiy sektorda yaxshi malakali huquqshunoslar bir oyda 15 -30 mln so`mgacha mablag` topishadi.

Boshqa tashkilotlar ham malakali huquqshunosga katta mablag` ajratishga tayyor. 

2017 yil va 2018 yilning 1-choragida oylik ish haqi kamligi tufayli vazirlik tizimidan jami 1280 nafar xodim boshqa tashkilotlar, jumladan xususiy sektorga ishga o`tib ketgan. Xodimlarning ommaviy ravishda boshqa tashkilotlarga o`tib ketishi tizimda vakansiyalar soni bo`yicha achinarli raqamlarni keltirib chiqardi.

Uchinchidan, ma`lumki Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini yuritadi. Bundan tashqari, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O`zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish ham vazirlik zimmasida. Bu esa tizimda eng malakali huquqshunoslarning ishlashini talab etadi. 

Shu sababli ham bu borada kiritilgan taklif qo`llab-quvvatlanib, 2018 yil 13 apreldagi Prezident qarori bilan quyidagilar belgilangan:

• adliya organlari xodimlarining ko`p yillik xizmatlari uchun ustamalar va martaba darajalari uchun qo`shimchalar miqdorlarini prokuratura organlari xodimlari uchun belgilangan miqdorlarga tenglashtirish;

• adliya organlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffisientlari bir yarim baravar miqdorda qo`llanilishi;

• adliya organlari va muassasalarining martaba darajalariga ega bo`lgan Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlariga, hududiy boshqarmalar boshliqlariga lavozim maoshiga 50 foiz miqdorida ustama to`lanishi.

To`rtinchidan, korrupsiya darajasi islohotlar samaradorligiga ta`sir qiluvchi jiddiy xavf hisoblanadi. Bunda ko`p masala davlat tashkilotlaridagi xizmatchilarga kelib taqaladi.

Xodimlar mehnatiga haq to`lash va ijtimoiy ta`minotining zamonaviy tizimi yaratilganligi vazirlikda korrupsiyaviy xatarni minimumga tushirdi.

Shu o`rinda vazirlik xodimlarga qancha maosh to`lanishini doimo oshkor qilib kelganini, tizimdagi vakansiyalarni to`ldirish tanlov asosida bo`layotganligini eslatib o`tamiz",  — deyiladi vazirlik xabarida. 

    Boshqa yangiliklar