AsosiyJamiyat

Yosh o`qituvchi Yangi yilning ilk kunida dissertasiyani muvaffaqiyatli himoya qildi

'Yosh o`qituvchi Yangi yilning ilk kunida dissertasiyani muvaffaqiyatli himoya qildi'ning rasmi

Bugungi kunda IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurash sohalarida mamlakatimizda va xorijdagi huquqni muhofaza qilish organlarining ilg`or ish tajribalarini ichki ishlar idoralarining ofiser xodimlariga o`rgatish hamda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirib kelmoqda. 

Ayni paytda, ta`lim muassasasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta`minlash, axborot-kommunikasiya texnologiyalari kabi ixtisoslashgan kafedralarda malakali va boy amaliy tajribaga ega 40 ga yaqin professor-o`qituvchilar faoliyat ko`rsatmoqda.

Yangi yilning ilk kunlarida Institutning “Axborot-kommunikasiya texnologiyalari” kafedrasi katta o`qituvchisi Umidjon Hamroqulov texnika fanlari bo`yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun “Ishlab chiqarish konstruktorlik-texnologik tayyorlashning integrallashgan axborot-tahliliy tizimi” mavzusida tayyorlagan dissertasiya ishini Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi.

U.Hamroqulov tadqiqot ishi ishlab chiqarishning loyiha konstruktorlik bosqichlarida avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlaridan (ALT) samarali foydalanish muhim ahamiyatga egaligiga, zamonaviy texnologiyalarni yangi dastgohlarning ishlab chiqarish jarayonlariga joriy qilish bilan qatorda, ushbu tizimlarning ham muntazam yangilanib borilishi zarurligiga alohida e`tibor qaratgan. 

Darhaqiqat, hozirgi kunda ishlab chiqarishning konstruktorlik-texnologik tayyorlash bosqichlarini avtomatlashtirish iqtisodiyotning barcha sohalari uchun dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. 

Mamlakatimizda loyihalash jarayonlarining konstruktorlik va texnologik bosqichlarida zamonaviy dasturiy ta`minotlardan keng foydalanish, mavjudlarini takomillashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu borada rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqarishning butun davri uchun inson omilini kamaytirish va resurs tejash imkonini beruvchi, zamonaviy integrallashgan CAD/CAM/CAE va PDM dasturiy ta`minotlar komplekslari bazasida qurilgan texnologik jarayonlarni boshqarishning integrallashgan axborot-tahliliy tizimlarini yaratish muhim vazifalardan biridir.

Dissertasiya ishi doirasida yaratilgan “ishlab chiqarishni konstruktorlik-texnologik tayyorlashning intergrallashgan axborot-tahliliy tizimi” dasturiy majmuasi Namangandagi “UzChasys” O`zbekiston-Koreya qo`shma korxonasida kobalt avtomashinasining old va orqa yoritgichlarini, Navoiy viloyatidagi “O”zEraeAIternator” O`zbekiston-Koreya qo`shma korxonasida avtomobil generatori va kompressorlarini ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etilganligi Ilmiy kengash muhokamasida e`tirof etildi. 

U.Hamroqulov izlanuvchanligi, tashabbuskorligi va mas`uliyatliligi bilan Institut jamoasi orasida xurmatga sazovor xodim hisoblanadi. 

U mazkur ta`lim muassasasida ishlayotganiga ko`p vaqt bo`lmagan bo`lsa-da, Institut o`quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini tadbiq etish, innovasion pedagogik uslublardan samarali foydalanishni yo`lga qo`yish borasida tashabbus ko`rsatib kelmoqda.

Ayni paytda, Umidjon Institut va uning 14 ta filialida masofaviy ta`lim tizimini keng joriy etish, unda o`qitishning zamonaviy interaktiv metodlarni qo`llash samaradorligini oshirish ustida ishlamoqda. Bu borada xodimlarning malakasini masofadan turib oshirish tizimini joriy etish maqsadida o`quv-metodik komplekslar ishlab chiqildi.

Zero, masofaviy ta`lim – mustaqil bo`lib, u insonning mustaqil fikrlash, holatni baholash, xulosa va bashorat qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Masofaviy ta`limning yana bir afzalligi shundaki, unda xodim o`ziga qulay vaqtda va hattoki ishdan ajralmagan holda bilim olishi mumkin. 

U. Hamroqulovning tashabbusi bilan yaqinda “Ichki ishlar organlari xodimlarini masofadan o`qitish tizimini joriy etish mexanizmlari” mavzusida o`quv seminari ham o`tkazildi. 

O`quv seminari davomida asinxron va sinxron interaktiv ta`lim berish, masofaviy o`qitish platformalarining samaradorligi, elektron o`qitish materiallarini shakllantirish, o`quv siklining vazifalari va dizaynini ishlab chiqish, tushunish va eslab qolish darajasini oshirishga yo`naltirilgan texnologiyalarni qo`llash, samarali taqdimot, shu jumladan video taqdimotlarni yaratish uchun zarur bo`lgan metodik va dasturiy ta`minotni tanlash masalalari atroflicha tushuntirib berildi.

Bu borada yosh olim U.Hamroqulovning Institut ta`lim tizimida zamonaviy innovasion texnologiyalarni qo`llash, nazariy va uslubiy asoslarni rivojlantirishga qaratilgan ishlarda omadlar tilaymiz.

O`ylaymizki, yil boshidagi dastlabki muvaffaqiyat Institut jamoasi uchun estafetali tarzda davom etadi.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar