AsosiyJamiyat

Yangi yil oqshomida hamyurtlarimiz qaysi dasturlarni tomosha qilishdi?

'Yangi yil oqshomida hamyurtlarimiz  qaysi dasturlarni tomosha qilishdi?'ning rasmi

Qaysi mahalliy telekanallar o`zbekistonliklar orasida eng mashhurligi, xususan, Yangi yil oqshomida hamyurtlarimiz qaysi dasturlarni afzal ko`rishgani ma`lum bo`ldi.

Kantar Media Uzbekistan kompaniyasi ma`lumotlariga ko`ra “Sevimli”telekanali reytingda peshqadamga aylandi. Ikkinchi o`rin – “ZO`R TV”, uchinchi o`rin esa, “Milliy”  telekanaliga nasib qildi. To`rtinchi o`rinni "Mening Yurtim" telekanali egalladi.

Aniqlanishicha, ushbu telekanallarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi eng ko`p tomosha qilingan (Sevimli telekanalida tomoshabinlar - 29,9%, “ZO`R TV” telekanalida  - 18,4%, “Milliy” - 11,7%, “Mening Yurtim”  - 5,7% ). 

Reytingning qolgan foizlari boshqa davlat va nodavlat telekanallar o`rtasida taqsimlandi. 

Albatta, bayram oqshomida tomoshabinlar yorqin, rang-barang va musiqiy ko`rsatuvlarni kutishgan. Yangi yil dasturlari tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg`otdi. Yangi yil arafasida  “Sevimli”da namoyish etilgan “Sevimli Yangi yil shousi” (tomoshabinlar - 25,1%) birinchilikni egalladi.  “ZO`R TV” da namoyish etilgan "Yangi yil bekati"televizion reytingda ikkinchi o`ringa (19,3%) ko`tarildi, “Sevimli” telekanalidagi "Mening qaynonam general: Yangi yil pazandalik shousi”  (14,6%) uchinchi o`rinni egalladi. 

“Milliy” telekanalning "Xos mos" (7,7%) va “Yangi yil Ozoda Nursaidova bilan”  (6,5%) dasturlari ham tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.

“Mening Yurtim”  telekanali tomoshabinlari “Dam shou” (9,5%) ni ma`qul ko`rishdi.

Umuman olganda, Yangi yil arafasida tomoshabinlar orasida eng ko`p ko`rilgan  5 ta ko`rsatuv quyidagilardan iborat:

1.  “Fayzli Yangi yil shousi” (“Sevimli”);

2.  “Yangi yil bekati” (“ZO`R TV”);

3.  “Mening qaynonam general: Yangi yil pazandalik shousi” (“Sevimli”);

4.  “Zo`r Yangi yil” (“ZO`R TV”);

5.  "Dam shou" (“Mening Yurtim”).

Reytingni tuzish uchun 2019 yil  31 dekabr soat 20:00 dan 2020 yil 00:00 gacha bo`lgan vaqt oralig`i tanlandi.

Eslatib o`tamiz, Kantar Group kompaniyasiga 1992 yilda Buyuk Britaniyada asos solingan bo`lib, ayni paytda 100 dan ortiq mamlakatlarda telekanallar va dasturlar reytingi bilan shug`ullanib keladi. Kompaniyaning hududiy tarmog`i – Kantar Media Uzbekistan mamlakatimizda 2017 yil oktyabr oyidan o`z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. 

    Boshqa yangiliklar