AsosiyJamiyat

Sankt-Peterburgda nochor qolgan yuzlab o`zbeklarni Vatanga qaytarish uchun davlat byudjetida pul yo`qmi? Rasmiylar javob berdi

'Sankt-Peterburgda nochor qolgan yuzlab o`zbeklarni Vatanga qaytarish uchun davlat byudjetida pul yo`qmi? Rasmiylar javob berdi'ning rasmi

2019 yil 27 dekabr kuni BBC nashrida Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahridagi chet el fuqarolarini vaqtinchalik saqlab turish markazi (“Krasnoe selo”)da joylashtirilgan bir guruh o`zbekistonlik mehnat migrantlarining og`ir sharoitlarda bo`lganligi, O`zbekistonga qaytish jarayoni cho`zilib ketayotgani to`g`risida ma`lumot e`lon qilindi. Ma`lumotda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Sankt-Peterburgdagi vakolatxonasi vakili mehnat migrantlariga ularni O`zbekistonga qaytarish uchun guyoki davlat byudjetida mablag` yo`qligini aytgani ta`kidlangan.

O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mazkur holatni o`rganib chiqdi, natijada maqolada qator faktlarning yolg`onligi aniqlandi.

Birinchidan, VVSda e`lon qilingan maqolada Sankt-Peterburg shahrida joylashgan chet el fuqarolarini vaqtinchalik saqlab turish markazida 800 nafarga yaqin fuqaro joylashtirilgan deb noto`g`ri ma`lumot berilgan. Aslida ushbu markaz quvvati 336 nafar shaxsga mo`ljallangan bo`lib, undan ko`p odam sig`dira olmaydi! Markaz rahbariyati taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yil dekabr oyida bu erga 320 nafar fuqaro olib kelingan.

Ikkinchidan, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Sankt-Peterburgdagi vakolatxonasi vakili fuqarolarni Vatanga qaytarish uchun davlat byudjetida pul yo`qligini aytmagan va aytishi ham mumkin emas edi, chunki ushbu maqsadlarga Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasidan etarli pul ajratilgan.

Vakolatxona vakili vaqtinchalik saqlab turish markazidagi fuqarolar bilan tashkil qilingan suhbat davomida ulardan hech biri bunday ma`lumotni VVS nashriga aytmaganligini qayd etdi va bu haqida videotasvir ham mavjud.

Aslida vakolatxona vakili fuqarolarni qaytarish (deportasiya qilish) jarayoni bilan bog`liq hujjatlarni rasmiylashtirish ma`lum vaqt talab etishi, hujjatlar tayyor bo`lgandan so`ng ularga yo`l chiptalari olib berilishi, ular O`zbekistonga qaytishi bilan moddiy yordam puli olishini  tushuntirgan.

Uchinchidan, Sankt-Peterburgdagi chet el fuqarolari uchun vaqtinchalik yashash markazidan mehnat migrantlari deyarli har oy Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi hisobidan O`zbekistonga qaytariladi. Rossiya Federasiyasi qonunchiligiga asosan deportasiya qilish bilan bog`liq barcha zarur hujjatlar, jumladan sud qarori tayerbo`lmaguncha fuqarolarni Rossiya hududidan olib chiqib ketish mumkin emas. Shu kecha-kunduzda hujjati tayyor bo`lgan 12 nafar fuqaro aynan Sankt-Peterburg markazidan O`zbekistonga olib kelindi. 2019 yilning 30 dekabrida yana bir guruh fuqarolarimizning O`zbekistonga olib kelinishi kutilyapti. Qayd etish lozimki, 2019 yilning o`tgan davrida Rossiya Federasiyasidan 3 mingdan ortiq o`zbekistonliklar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi hisobidan Vatanga qaytarilgan.

Shu o`rinda Rossiya Federasiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yo`l olayotgan hurmatli fuqarolarimizdan Tashqi mehnat migrasiya agentligining hududlardagi filiallariga tashrif buyurib, Bandlikka ko`maklashish jamg`armasi mablag`lari hisobidan imtiyozli kredit olish, o`z hayoti va sog`lig`ini Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi hisobidan sug`urta qilish, imtiyozli narxlarda avia va temir yo`l chiptalar olishi mumkinligi haqida xabardor etamiz.

Muammoli vaziyatlarda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakolatxonalariga yoki 71 202-33-55 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz so`raladi, deyilmoqda rasmiy xabarda.

    Boshqa yangiliklar