Tutun ortidagi harbiy orkestr, faxriy qorovulning ko`rgazmali chiqishlari, qo`l jangi san`ati namoyishi hamda “harbiy Qorbobolar”ning konsert dasturi qoraqalpoq xalqiga Yangi yil bayramining o`zgacha shukuhini tarqatishga xizmat qildi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi Nukus shahridagi “Korzinka.uz” ko`ngilochar-savdo majmuasi oldida Yangi yil arafasida xalqqa xushkayfiyat ulashish uchun bayramona konsert dasturini namoyish etdi. Konsertning birinchi qismi harbiy vatanparvarlik kuy va qo`shiqlar, ko`rgazmali chiqishlar bilan boshlandi. Tutun ortidan paydo bo`lgan Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazining harbiy orkestr jamoasi yig`ilganlarni hayratga solgan bo`lsa, ular tomonidan ijro etilgan milliy va jahon estradasining sho`x navolar dillarni o`ziga maftun etdi.
Konsert dasturi Yangi yil bayrami dasturxonini bezatish uchun savdo majmuasiga kelganlarni ham, bozor-o`charni qilib bo`lganlarni ham befarq qoldirmadi. Davra borgan sari kengayib, odam gavjumlashib bordi.
Faxriy qorovulning saf elementlarini mahorat bilan bajarayotganini ko`rgan bolajonlar harakatlarni beo`xshov qaytarishga urinishar, zavqu-shavqqa to`lganidan yuzlaridan kulgu arimasdi.
Qo`l jangi elementlarini namoyish etgan muddatli harbiy xizmatchilar jasurlik, mardlik va matonat timsolidek barchada esda qoldi.
Tadbir yakuniga etay deganda odamlarni hayratga solib Yangi yil bayramining bosh qahramoni – Qorbobo kiyimlarida davraga harbiy orkestr ijodiy guruhi chiqib keldi. Yangi yil bayrami kuylari bilan hammani lol qoldirgan ijodkorlarning bu chiqishi yig`ilganlarning bayramona kayfiyatini yanada ko`tarilishiga xizmat qildi.
Askar bolalar tomonidan o`zbek va qoraqalpoq tillarida o`qilgan “Vatanga qasamyod” matni bolakaylarning ishtiyoqini uyg`otganidan harbiy libosdagi akalari bilan bir safda turishga chorladi.
Konsert dasturi davomida qoraqalpoq xonandalari tomonidan ijro etilgan qo`shiqlar yig`ilganlarga zavq ulashdi.






