2019 yil 29 dekabr kuni 18-30 larda, Surxondaryo viloyati Denov tumanidan o`tgan 4R100 “Manguzar-Jarqo`rg`on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo`lining 167-km.da avtohalokat sodir bo`ldi.
Haydovchi Oltinsoy tumanida yashovchi, 1993 yilda tug`ilgan M.A. “UAZ” rusumli avtomobilini boshqarayotib, shu yo`nalish bo`ylab oldinda harakatlanib ketayotgan “Traktor”ni quvib o`tish uchun yo`lning qarama-qarshi harakat bo`lagiga chiqgan vaqtida, avtomobilga ortilgan yukning og`irligi sababli boshqaruvni yo`qotib ag`darilgan. Shu yo`nalish bo`ylab qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan, haydovchi Denov tumanida yashagan, 1999 yilda tug`ilgan T.Sh. o`z boshqaruvidagi “VAZ-2107” rusumli avtomobilini “UAZ” avtomobili bilan to`qnashuvini oldini olish maqsadida rulni o`nga burgan vaqtida, avtomobil boshqaruvni yo`qotib yo`l chetiga ag`darilgan. Shuningdek, shu yo`nalishda xarakatlanib kelayotgan, haydovchi Uzun tumanida yashovchi, 2000 yilda tug`ilgan T.Sh. boshqaruvidagi “Neksiya-3” rusumli avtomobili “UAZ” avtomobili bilan to`qnashgan.
Natijada “VAZ-2107” avtomobili xaydovchisi T.Sh. va yo`lovchisi Denov tumanida yashagan, 1998 yilda tug`ilgan T.Sh.lar voqea joyida halok bo`lgan. Avtomobilning boshqa yo`lovchilari Denov tumanida yashovchi, 1990 yilda tug`ilgan X.F. va 1997 yilda tug`ilgan J.J.lar turli darajadagi tan jarohatlari olib kasalxonaga yotqizilgan.
IIV YHXBB haydovchilarga amaldagi “Yo`l harakati qoidalari”ga asosan haydovchi transport vositasini boshqarish vaqtida, harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo`l va ob-havo sharoitini, shuningdek harakatlanish yo`nalishidagi ko`rinishni hisobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilangandan oshirmasdan boshqarishi kerakligini eslatmoqda.






