O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevga tajriba tariqasida poytaxt tumanlaridan biriga ayol hokim tayinlashni taklif qildi. Ushbu taklif Prezidentning 27 dekabr kuni al-Xorazmiy maktabida yoshlar bilan bo`lgan uchrashuvida ilgari surilgan.
Prezident hokimlikka tanlangan ayol avval tajriba to`plashi lozimligini ta`kidlagan.
Davlat rahbari ushbu tashabbusni Yoshlar Ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Durdona Rahimovaning chiqishidan so`ng ilgari surgan. Durdona Rahimova o`z chiqishida Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ayollar qaror qabul qilishni o`rganishlari uchun 20 foizlik maqsadli qabul joriy etilishini taklif qilgan. Uning so`zlariga ko`ra, hozir akademiyada bor-yo`g`i ikki-uch nafar xotin-qiz tinglovchi, xolos.
Shavkat Mirziyoev bu taklifga munosabat bildirarkan, 20 emas, bus-butun 30 foizlik kvota taqdim etishga tayyorligini bildirdi, chunki, Prezidentning ta`kidlashicha, «qaerda ayol bo`lsa, o`sha erda korrupsiya kamroq, o`sha erda xalq bilan muloqot ko`proq».






