Surxondaryo viloyati Termiz tumanida 61 yoshli erkak arazlab uyidan ketib qolgan turmush o`rtog`ini yoqib yubordi. Bu haqda bizga Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Hayot Shamsutdinov ma`lum qildi.
Xabar berilishicha, Termiz tumani Chegara mahallasida yashovchi, 1958 yilda tug`ilgan R.M. turmush o`rtog`i, 1963 yilda tug`ilgan S.A. bilan janjalashib qolgan. Oilaviy janjal sababli ayol uyidan arazlab chiqib ketib, singlisi M.A.ning uyida yashab turgan.
Bundan jahli chiqqan R.M. 26 dekabr kuni soat 03:30 da uning uyiga borgan. Erkak turmush o`rtog`i uxlab yotgan xonaga kirib, o`zi bilan olib kelgan 5 litr hajmdagi polietilen idishdagi gaz kondensatini rafiqasiga sepib, uni yoqib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kuni tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






