Aviahalokatda qurbon bo`lganlarning oilalariga 4 million tenge miqdorida yordam ko`rsatiladi, deb ma`lum qiladi “Kazinform” xalqaro axborot agentligi.
Agentlikning Qozog`iston Prezidenti matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, bugun “Akorda” qarorgohida Bosh vazir, Prezident ma`muriyati rahbari, Xavfsizlik kengashi kotibi, Bosh prokuror, Milliy xavfsizlik qo`mitasi raisi, hamda tegishli vazirliklar rahbarlari ishtirokida tezkor majlis bo`lib o`tgan.
Qosim-Jomart Toqaev Qozog`iston xalqi nomidan va shaxsan o`zi nomidan aviahalokatda qurbon bo`lganlarning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur ta`ziya bildirgan. Prezident Bosh vazir Asqar Mamin va tegishli vazirliklar rahbarlarining hisobotini tinglagan.
Qozog`iston prezidenti hukumat rahbariga aviahalokat qurbonlari oilalariga 4 million tenge miqdorida yordam ko`rsatish choralarini ko`rish bo`yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, halok bo`lganlarning yaqinlari, jabrlanganlarga barcha zaruriy yordam ko`rsatiladi.
28 dekabrni umummilliy matom kuni deb e`lon qilinishi munosabati bilan Qozog`istonda davlat bayroqlarini tushirilib, ko`ngilochar tadbirlar boshqa kunga qoldirildi.






