AsosiyJamiyat

Innovasion rivojlanish vazirligi olimpiada g`oliblarini rag`batlantirdi

'Innovasion rivojlanish vazirligi olimpiada g`oliblarini rag`batlantirdi'ning rasmi

26 dekabr kuni Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatida fan va robototexnika olimpiadalarida faxrli o`rinlarni qo`lga kiritgan yoshlarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. 

Joriy yil 15 dekabr kuni Toshkentdagi Inxa universitetining filialida Amerika Qo`shma Shtatlarining O`zbekistondagi elchixonasi tomonidan umumta`lim maktablarining 3-11 sinf o`quvchilari o`rtasida matematika fani bo`yicha “Math League” xalqaro olimpiadasi tashkil etildi. Ushbu olimpiadada birinchi va ikkinchi o`rinlarni qo`lga kiritgan Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatining 7-sinf o`quvchilari Murodali Ko`chimov va Jahongir Ro`ziqulov hamda ularning ustozi Nargiza Elova Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari Olimjon To`ychiev tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 2019 yilning 23 noyabr kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tgan kimyo fani bo`yicha “6 th International Chemical Competition” xalqaro onlayn olimpiadasida Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar maktab-internatining 10-sinf o`quvchisi Durdona Muxtorxo`jaeva va 9-sinf o`quvchisi Azimjon Jamolov kumush medal, 9-sinf o`quvchisi Jasur Rahmatullaev bronza medal sohibi bo`ldilar. Shu munosabat bilan olimpiada g`oliblariga va ularning ustozi Behzod Boltaev ham vazirlikning faxriy yorliq va qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlandi.

Robototexnika sohasida Taylandda bo`lib o`tgan “21th International Robot Olympiad 2019” xalqaro robototexnika olimpiadasida faol ishtirok etib, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza medallarini qo`lga kiritgan O`zbekiston terma jamoasi a`zolari ham faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Mazkur olimpiadada oltin medalga munosib ko`rilgan loyihani rivojlantirish uchun Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan 15 mln. so`m miqdoridagi grant mablag`i ajratilgani to`g`risida sertifikat topshirildi.

Boshqa yangiliklar