Avval xabar qilganimizdek, 27 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:22 da Olmaota – Nur-Sulton yo`nalishida parvoz qilayotgan, bortida 100 kishi bo`lgan yo`lovchi samolyoti halokatga uchradi. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, 15 kishi halok bo`lgan. Shu munosabat bilan Qozog`istonda motam kuni e`lon qilindi.
Bek Air aviakompaniyasi vakili Olma-Ota yaqinidagi samolyot halokati bilan bog`liq voqea yuzasidan izoh berdi. Bu haqda “Kazinform” xalqaro axborot agentligi muxbiri xabar bergan.
- Voqea bilan bog`liq texnik sabablar haqida hech nima ayta olmayman, chunki bu bilan boshqa xizmat vakillari shug`ullanishadi, deydi aviakompaniya vakili Olma-Ota aeroportida jurnalistlarning savollariga javob berarkan. – Bu muntazam, har kuni amalga oshiriladigan qatnovlardan biri edi.
Uning ta`kidlashicha, hozir aviakompaniyaning Qozog`iston bo`yicha barcha reyslari bekor qilingan, chiptalar qaytib olinyapti.
- Bizda ilk bor bunday holat ro`y berdi. Uchuvchimiz tajribali edi, jamoada juda qadrlanardi, — deya qo`shimcha qilgan Bek Air mutaxassisi.
Olma-Otadan Nur-Sultonga uchishi lozim bo`lgan samolyot o`rnidan qo`zg`alishi bilan radarlardan yo`qolgan. Salonda 95 yo`lovchi, 5 nafar ekipaj a`zosi bo`lgan.
Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev falokat natijasida halok bo`lganlarning oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi va voqeaning barcha aybdorlari qattiq jazolanishini aytib o`tdi.
Eslatib o`tamiz, falokatda O`zbekiston fuqarolari yo`qligi ma`lum qilingan.






