Xitoyning Szyansu provinsiyasi Nantong shahrida Van ismli 19 yoshli xitoylik yigit o`yinbozlikdan qutulish uchun qo`lini kesib tashladi, deya xabar bermoqda daryo.uz The Telegraphga tayangan holda.
Yigitcha uydan ko`chaga oshpichoq olib chiqib, skameykaga o`tirgan va chap kaftini bilagidan kesib tashlagan. Shundan so`ng u taksi chaqirib, kasalxonaga jo`nagan. Qo`l esa skameykada qolavergan.
«Bo`lgan hodisaga hech ham ko`nika olmayapmiz. Bu kutilmagan holat bo`ldi. U doim aqlli bola bo`lib kelgan», — dedi o`smirning onasi. Uning aytishicha, o`g`li uydan chiqib ketishidan oldin onasiga xatcha qoldirib, shifoxonaga ketayotganini, kechqurun qaytishini yozgan.
Polisiyachilar yigitning qo`lini topgach, jarrohlar uni joyiga tikib qo`ydi. Van o`z qilmishini izohlarkan, shu yo`l bilan kompyuterda o`yin o`ynashni bas qilmoqchi bo`lganini aytdi. Shifokorlar so`zlariga ko`ra, tikilgan qo`l normal ravishda ishlash-ishlamasligi hali noma`lum.





