AsosiyJamiyat

Qoraqalpog`istonda saylovga mukammal tayyorgarlik ko`rilmoqda

Qoraqalpog`iston Respublikasida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta taraddud ko`rilmoqda, deb xabar qiladi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi 1-Qoraqalpog`iston saylov okrugida 589 saylov uchastkasi tuzilib, fuqarolarning ovoz berishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
– Okrug saylov komissiyasining maxsus ish rejasiga muvofiq, Prezident sayloviga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda, – deydi okrug saylov komissiyasi raisi Kenesboy Karimov. – Komissiyaning samarali faoliyat olib borishi uchun barcha sharoit yaratildi. Etarlicha xonalar ajratilib, zarur texnika va anjomlar, aloqa vositalari bilan jihozlandi. Matbuot xizmati zarur adabiyotlar, uslubiy qo`llanmalar bilan ta`minlanib, o`z faoliyatini boshladi.
Barcha saylov uchastkalarining tartib raqami va manzili ko`rsatilgan holda ular haqidagi ma`lumotlar qoraqalpoq, o`zbek va rus tillarida mahalliy nashrlarda e`lon qilindi. Joylarda uchastka saylov komissiyasi tarkibini shakllantirish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
Ochiqlik, oshkoralik saylovning asosiy mezonidir. Binobarin, bo`lajak saylovning ana shunday demokratik tamoyillar asosida yuqori saviyada o`tishini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

    Boshqa yangiliklar