"Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta`lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo`limga ajratib, birinchi bo`limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o`zbek, rus, qoraqalpoq tili), matematika va O`zbekiston tarixi, ikkinchi bo`limga abiturient tanlagan bakalavriat ta`lim yo`nalishiga mos ikkita fan kiritilishi nazarda tutilgan. Shu bois 2020/2021 o`quv yili qabulidan boshlab ayni loyiha amaliyotga tatbiq etiladi, - deyiladi Uza rasmiy sahifasida, - majburiy fanlar bo`limidagi test topshiriqlari uchun 2,1 balldan (jami 94,5), ta`lim yo`nalishiga mos fanlar bo`limidagi test topshiriqlari uchun 3,1 balldan (jami 186) berilishi nazarda tutilmoqda. Bunda abiturient to`plashi mumkin bo`lgan umumiy ball 280,5 ni tashkil qiladi.
Davlat test markazidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, test tizimiga bunday o`zgartish kiritilishida xorijiy davlatlar tajribasi o`rganilgan. Imkon qadar milliy ta`lim tizimimizga mos bo`lgan va ta`limning rivojlanishiga hissa qo`sha oladigan jihatlarni olishga e`tibor qaratilgan. O`tgan 2017-2019 o`quv yilida DTM xodimlari Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, Qozog`iston kabi bir qancha davlatlarda bo`lib, ularning oliy o`quv yurtlariga qabul qilish tizimini o`rganib chiqdi, tahlil qildi.
Ayrim xorijiy davlatlar tajribasida kirish imtihonlariga ona tili va matematika kiritilganiga guvoh bo`lish mumkin. Yoki Turkiya kabi boshqa qator davlatlarda davlat tarixidan imtihon topshirish belgilab qo`yilgan.
Oxirgi yillarda abiturientlar orasida maqsadli kirish imtihonlariga tayyorlanganda, afsuski, faqat ikkita, hatto faqat birinchi blokdagi fanni yaxshi o`zlashtirib, talaba bo`lish mumkin, degan qarash yuzaga keldi. Ammo bu yangilikning joriy etilishi qanday samara berishini test o`tgach, uning natijalari asosida belgilash mumkin.
Asosiy maqsad, yoshlarning umumta`lim maktablarida o`qitiladigan fanlarni teng ravishda o`rganib borishiga erishishdir. O`g`il-qizlar umumta`lim maktabida belgilangan dasturni to`la o`rganib, har tomonlama rivojlangan bo`lib maktabni bitirishi zarur. Mana shu hisobga olingan holda bitiruvchilarning OTMlarga kirish imtihonlariga majburiy fanlar bo`limi qo`shilgan.
Qo`shimcha uchta fandan test o`quv dasturlariga binoan, ancha sodda, abiturientning umumiy savodxonligi, mantiqiy fikrlashi va tayanch bilimlarini baholashga yo`naltirilgan, birinchi qiyinlik darajasida bo`ladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, bloklarda bitta fan takrorlansa ham ularning qiyinlik darajasi bir-biridan farq qiladi. Majburiy blokdagi matematika fani savollari birinchi qiyinlik darajasida bo`lsa, yo`nalish fanlar blokidagi testlar esa ikkinchi va uchinchi murakkablik darajasidagi savollardan iborat bo`ladi.
Kelgusi 2020/2021 yildan boshlab amaliyotga kiritiladigan bu o`zgarishga Davlat test markazi tayyorgarlik ko`rmoqda. Ayni shu yo`nalishda ishlaydigan testologlar soni ko`paytirilgan, topshiriqlar sinovdan o`tkazilayapti."






