Sog`liqni saqlash sohasi og`ir judolikka uchradi. Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinik shifoxonasi bosh shifokori Abdullaev Nurmamat Abdullaevich vafot etdi.
N.Abdullaev 1945 yil 12 aprelda Xorazm viloyati Xiva shahrida tug`ilgan. 1967 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini imtiyozli tamomlab, ushbu ushbu oliy o`quv yurtida turli lavozimlarda faoliyat yuritdi. 1993 yildan to shu kunga qadar esa Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinik shifoxonasi bosh vrachi lavozimida uzluksiz va samarali ishladi. Uning rahbarligida klinika faoliyatida tub ijobiy o`zgarishlar amalga oshirildi.
N.Abdullaev mahoratli rahbar bo`lishi bilan birga, katta klinik tajriba va chuqur bilimga ega bo`lgan vrach-terapevt sifatida og`ir, murakkab bemorlarni rasional davolash orqali minglab kasallarni hayotga qaytarishga o`zining munosib hissasini qo`shgan. O`zining insonparvarligi, xalqchilligi tufayli jamoatchilik o`rtasida katta hurmat va e`tiborga sazovor bo`ldi. Mehribon ota, oilaparvar inson sifatida 4 farzandni tarbiyaladi.
N..Abdullaev davlatimiz rahbarining Farmonlari bilan “O`zbekistonda Respublikasida xizmat ko`rsatgan sog`liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Shuningdek, u “Sog`liqni saqlash a`lochisi” ko`krak nishoni sohibi.
Sog`liqni saqlash vazirligi Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinik shifoxonasi bosh shifokori Abdullaev Nurmamat Abdullaevichning vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.






