Namangan viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar bilan uchrashib, mavjud muammolarni o`rganish, ularga bojxona sohasidagi so`nggi me`yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatini etkazish maqsadida joylarga chiqib, uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan “So`g`diyona fayz tekstil” mas`uliyati cheklangan jamiyatida eksport salohiyatini oshirish uchun sayyor uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur korxona o`z faoliyatini 2018 yilda yo`lga qo`ygan bo`lib, korxonaning asosiy faoliyati erkaklar uchun kostyum va shim mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat. Ushbu korxona zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan bo`lib, hozirda 67 nafar fuqarolar ish bilan ta`minlangan. Korxona tomonidan 2019 yilning o`tgan davri mobaynida 1 mlrd. 81 million so`mlik mahsulotlar Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlariga eksport qilingan.
Uchrashuv davomida Namangan viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasida To`qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-4186 son qarorining mazmun-mohiyati shuningdek mahsulotlar eksportidagi qulayliklar va yangi qabul qilingan me`yoriy hujjatlar to`g`risida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tadbirda “So`g`diyona Fayz Tekstil” MChJ vakillari yuqoridagi mazmunli uchrashuvdan foydali ma`lumotlarga ega bo`lganliklarini, bojxona tartib-taomillaridagi yangiliklar tadbirkorning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani shu bilan birga tadbirkorlarni rivojlanishiga ko`mak bo`layotganligini ta`kidlab o`tishdi.
Uchrashuv yakunida korxona rahbari va ishchi guruhiga o`z faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan, jumladan bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog`liq bo`lgan masalalar yuzasidan Davlat bojxona qo`mitasining 11-08 hamda Namangan viloyati bojxona boshqarmasining (69)234-33-01 “Ishonch telefon” raqamlariga qo`ng`iroq qilishlari mumkinligi eslatib o`tildi.
Davlat Bojxona qo`mitasi
Axborot xizmati






