Ilm-fan va ta`lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug`ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo`shimcha haq to`lash tartibi to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, ilm-fan va ta`lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug`ullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga:
* fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 30 foizigacha;
* fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 60 foizigacha qo`shimcha haq to`lash tizimi joriy etildi.
Qo`shimcha haq tegishli mezonlarni bajarilishini baholash natijalari bo`yicha hamda tarkibiy bo`linma rahbarining taqdimnomasi va tashkilot kollegial organi qarori asosida har bir xodimning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatiga qo`shgan hissasini hisobga olgan holda belgilanadi.
Qaror bilan shuningdek, ilmiy darajaga ega xodimlarga qo`shimcha haq to`lash tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, qo`shimcha haq bir martalik yoki oylik shaklda belgilanishi mumkin. Qo`shimcha oylik to`lovini belgilashning eng ko`p muddati bir yildan oshmasligi kerak.






