Xabaringiz bor, kecha bo`lib o`tgan Oliy Majlis Senati Kengashi yig`ilishi bir qator tanqidlar bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Shundan so`ng yig`ilishda bildirilgan fikr va munosabatlar bir qancha OAV va internet tarmoqlarida muhokama qilindi. Xususan, BekJurnalist nomi ostidagi bloger ushbu Majlisdan so`ng Senat raisi bilan bog`liq ayrim fikr-mulohazalarini bayon etdi:
“Senat Raisi Tanzila Narbaeva majlisda umumiy ovqatlanish korxonalari va ta`lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik holat borasida o`z fikrlarini bildirib, kerak bo`lsa yangi parlament a`zolariga ham tavsiya qilib ketishini ta`kidladi.
– Senat bu dolzarb mavzuni e`tibordan chetda qoldirmaydi. Shunchaki, Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovi yuborib qo`yish bilan ish bitmaydi. Yaqinda vakolatimiz tugaydi. Lekin yangi saylangan deputat, senatorlarga ham kerak bo`lsa, yozma ravishda ushbu mavzuni e`tibordan chetda qoldirmasliklarini tavsiya qilib ketamiz. Zero, bunda farzandlarimiz salomatligi ko`ndalang turibdi, – deydi T.Narbaeva.
Narbaeva xonim shu kabi gaplarni, ayniqsa, vakolati tugashi, yangi senatorlar kelishini aytdi.
Qiziq, Tanzila Narbaeva parlamentning to`rtinchi chaqirig`ida Senat Raisi lavozimida qoladimi yoki yo`q?
2019 yil 21 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev tavsiyasiga binoan parlament yuqori palatasi Raisi lavozimiga ilk bor rahbar ayol, Tanzila Narbaeva saylangan edi. Xo`sh, yangi rahbar Senatda qanday o`zgarishlar qilishga muvaffaq bo`ldi? Albatta, bu savolga javob berish biroz mushkul. Boisi, hali oldinda qilinadigan vazifalar yo`q emas.
Lekin o`tgan qisqa vaqt mobaynida T.Narbaeva rahbarligida ko`plab ishlar amalga oshirildi. Bunga keng jamoatchilik e`tibor qaratib, e`tirof etmoqda ham.
XO`Sh, NARBAEVA SENATDA QANDAY O`ZGARIShLAR QILA OLDI?
* Avvalo, fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimining yangi mexanizmi yo`lga qo`yildi.
* Xalq bilan bevosita muloqot qilish orqali hududlardagi real holat o`rganildi;
* Oliy Majlis Senatining virtual qabulxonasi orqali murojaatlar qabul qilish jonlandi;
* Senat Raisining “facebook.com”dagi rasmiy sahifasida ham murojaatlar qabul qilindi;
* Senat Raisining hududlarda sayyor qabullari tashkil etildi. T.Narbaeva Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida aholi bilan uchrashib, ularning muammolari joyida hal qilindi;
* Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar murojaatlarni joyiga chiqib o`rganishi amaliyoti joriy etildi;
* Hududlardagi senatorlarning fuqarolar murojaati bilan ishlash, qabullar o`tkazishi muntazam amalga oshirildi.
* Eng muhimi, Qonunlarning hududlar manfaatlariga mosligi o`rganish tizimi yaratildi;
* Joylardagi dolzarb muammolarni ko`tarib chiqib, Hukumatga Parlament so`rovlari yuborish jonlandi;
* Xalqaro hamkorlik yanada kengaydi;
* Senatning jurnalistlar bilan ishlash mexanizmi yangi bosqichga ko`tarildi. OAV, blogerlar bilan hamkorlik o`rnatildi. T.Narbaeva tanqid qilganlarni to`g`ri qabul qildi. Har bir dolzarb mavzuga tezkor munosabat bildirildi.
* Senatning yalpi majlislari, qo`mitalar majlislari jonli efirda translyasiya qilinib, xalqqa ochiq-oshkora ko`rsatildi.
Shaxsan men Senat Raisi kim bo`lishidan qat`i nazar bunday faoliyat izchil davom etib, yanada jonlanishini istar edim. Siz-chi?” — deya, munosabat so`ragan bloger.






