Internetning “Telegram” ijtimoiy tarmog`idagi kanallarda “Buxoro - Profilaktika inspektori mahalla binosi oldidagi mevali daraxtlarni kesdi” sarlavhali videolavha tarqaldi.
Ushbu videolavhada Olot tumani Yoshbotir MFY binosi oldidagi tomarqa erida daraxtlarning kesilgan holdagi videotasviri aks etgan bo`lib, “Buxoro viloyati Olot tumani Yoshbotir MFYdan yozmoqdamiz. Profilaktika inspektori mahalla binosi oldidagi to`rtta olma daraxtini kesdi. Sabab-kameraga xalal berayotgan ekan. Daraxt kesish bo`yicha maratoriy e`lon qilingan edi-ku! Yo uchastka nozirlari maratoriyga amal qilmasa ham bo`laveradimi” mazmunida izoh berilgan.
Mazkur holat yuzasidan Viloyat IIB Axborot xizmati tekshiruv o`tkazilganligini ma`lum qildi. Tekshiruv jarayonida, Olot tumani Yoshbotir MFY binosi Chorbog` qishlog`ida Olot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`linmasi Ichki ishlar organlari 250-sonli tayanch punkti bilan bir binoda joylashganligi;
- bino old tomonida hajmi 1 sotix bo`lgan er maydoni mavjudligi, ushbu er maydonida turli xildagi gul va mevali daraxtlar ekilganligi;
- er maydoni ustki qismidan yuqori kuchlanishli elektr tarmog`i (simlari) o`tganligi, er maydonidagi daraxtlarning shoxlari ushbu elektr simlariga tegib, aholiga sifatli va uzluksiz elektr tokini etkazishda muammo tug`dirayotganligi, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 17 maydagi 93-sonli Qarori talablari hamda Yoshbotir mahallasida yashovchi fuqarolar U.Abdiev va I.Bozorovlarning bir necha marotaba Olot tumani Elektr tarmoqlari korxonasiga murojaat qilganligi;
- 2019 yil 15 dekabr kuni Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorati bo`yicha Olot tumani inspeksiyasining ruxsati bilan er maydonidagi elektr simlariga ta`sir qiluvchi, qurigan holdagi to`rt dona olma daraxtlari jamoatchilik vakillari tomonidan kesib olinganligi;
- 250-sonli tayanch punktida xizmat qilib kelayotgan Olot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`linmasi Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant O.M.Jabborov va Olot tumani IIB boshqa xodimlarining ushbu daraxtlar kesilishiga umuman aloqasi yo`qligi aniqlandi.
(o`z-o`zidan savol tug`iladi, daraxtlarni ostidan kesish o`rniga aynan xalaqit berayotgan qismini kessa bo`lmasmidi? Mutaxassis javobi: yuqori kuchlanishli (3 fazali) elektr tarmog`i o`tgan hududda 10 metrgacha radiusda bevosita kontakt bo`lmagan taqdirda ham elektr toki ta`siri, tok urish xavfi mavjud bo`ladi, shu sababli mazkur holatda daraxtlar ostidan kesilgan)






