23 dekabr seshanba kuni Rossiya tomonidan nazorat qilinadigan orollar yaqinida Yaponiyaning hibsga olingan beshta baliqchi kemasi qo`yib yuborildi. Kema ekipaji a`zolarining sog`lig`i yaxshi. Bu haqda Yaponiya Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yoshihide Suga xabar bergan. Bu haqda tarjimon.uz xabar bermoqda.
«Beshta kema va ekipaj a`zosi, jami 24 kishi Nemuroga (Xokkaydo oroli) ertalab soat 10 da jo`nab ketdi. Ular bugun kechqurun manzilga etib kelishadi. Ayni paytda ekipaj a`zolarining sog`lig`ida muammolar yo`q», dedi Suga matbuot anjumanida.
Mazkur beshta kema 17 dekabr kuni Rossiya nazorat qiladigan orollarda ov qilayotgan bo`lgan. Ular baliq ovi to`g`risidagi kelishuvni buzganlikda gumon qilinib, tergov qilish uchun hibsga olinadi. Ekipaj 6,4 million rubl (103 ming AQSh dollari) miqdorida jarima to`laganidan keyin qo`yib yuborilgan.
Ma`lumot o`rnida, Yaponiya Rossiya tomonidan ikkinchi jahon urushida bosib olingan Kuril orollarini o`ziniki deb da`vo qiladi. Bu bahsli orollar sabab ikki davlat o`rtasida rasmiy tinchlik shartnomasi imzolanmay qolgandi.






