AsosiyJamiyat

Rishod Sobirov: "21 yoshimda 100 ming dollar topganman. Tuni bilan pul sanaganmiz"

'Rishod Sobirov: "21 yoshimda 100 ming dollar topganman. Tuni bilan pul sanaganmiz"'ning rasmi

Sentyabr oyida start berilgan "Modul 5" loyihasining 2019 yildagi so`nggi soni o`z nihoyasiga etdi. Motivasion platformaning 4-sonida dzyudo bo`yicha Olimpiada o`yinlari sovrindori Rishod Sobirov, dizayner Dilnoza Umirzoqova, startapchi Ulug`bek Ismatov, "Volontyorlar maktabi" etakchisi A`zamxo`ja Rasulov hamda "Cambridge" o`quv markazlari asoschisi Jahongir Po`latovlar o`z hayotiy va kasbiy tajribasi bilan bo`lishdi.

Taniqli sportchi yoshlarga maqsad tomon dadil qadam tashlash zarurligi haqida so`zlarkan, shunday deydi:

"Do`stlarim meni tungi klublar, restoranlarga qo`riqchilikka 200 - 300 dollar oylikka ishga chaqirishardi, lekin men o`z ustimda ishlash, dzyudo bilan mashg`ul bo`lishni afzal bilgandim. Shu vaqtlar oyiga 100 ming so`m atrofida pul topardim. Qiyin bo`lgan, albatta.

2008 yilda Olimpiada o`yinlari sovrindori bo`lganimda 100 ming dollar mukofot puli berishgan. O`sha vaqtda Bosh vazir bo`lgan Shavkat Miromonovich qo`ng`iroq qilib, qizg`in tabriklagandi.

100 ming so`mga yashaydigan yosh sportchi yigitning hayotida bunday rag`bat, mukofotga sazovor bo`lish hech qachon yoddan chiqmaydigan xotira bo`lib qolgan, shunda hatto tuni bilan pul sanab chiqqanmiz".

Ma`lumot uchun, "Modul5" loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusi asosida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan loyiha hisoblanadi. Motivasion platforma doirasida shu vaqtga qadar sportchilar Shahram G`iyosov, Elshod Rasulov,Sarvinoz Qurbonboeva, boshlovchilar Jamshid Umirzoqov, Otabek Mahkamov, "Webster" universiteti talabasi, "Chegarasiz" loyihasi qahramoni Xayrullo Ruhiddinov, O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari Olimjon To`ychiev ishtirok etgan.

"Modul5" loyihasi mualliflari 2020 yilda ham ushbu motivasion maydoncha O`zbekiston va jahonda mashhur yoshlar, o`z sohasining etuk mutaxassislari ishtirokidagi nutqlar, shuningdek, boshqa yangilanishlar bilan faoliyatini davom ettirishini ma`lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar