AsosiyJamiyat

Yaponiyaning BS-ASAHI telekanalida o`zbekistonga bag`ishlangan ko`rsatuv namoyish etildi

Telekanalning  “Ima Sekai wa” («Bugungi dunyo») dasturi doirasida mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati, mamlakatimiz bag`rida joylashgan tarixiy shaharlar, o`zbek xalqining boy madaniy merosi singari mavzular qamrab olingan teleko`rsatuv  efirga uzatildi.

Xabar berilganidek, dunyo sayyohlari O`zbekistonga katta e`tibor bilan qarashmoqda. Jahon sayyohlik bozorida respublikamizning tobora ortib borayotgan nufuzi xususida to`xtalar ekan,  BS-Asahi  keyingi yillar davomida O`zbekistonga borayotgan sayyohlarning soni 7 barobarga ko`payganini alohida ta`kidladi. “Mamlakatga kelgan sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva singari afsonaviy shaharlarda joylashgan me`moriy yodgorliklardan hayratga tushadilar. Mazkur tarixiy yodgorliklarning aksariyati YuNESKO Butunjahon merosi ro`yxatidan joy olgan”, dedi yapon jurnalisti.

Teleko`rsatuvda Toshkent teleminorasi, Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatri, Samarqanddagi Bibixonim masjidi, Buxorodagi Minorai kalon, Xivaning Ichon qal`asi haqida atroflicha so`z bordi. Alohida qayd etilganidek, ana shunday osori-atiqalar xorijiy sayyohlarda va me`moriy go`zallik shaydolarida unutilmas taassurotlar qoldirmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari, yapon ekspertlari bilan bo`lgan intervyular ham mazkur ko`rsatuv sahifasidan joy oldi. Ular o`suvchan iqtisodiy salohiyatga ega bo`lgan O`zbekiston Yaponiya uchun Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim mamlakat ekanligini ta`kidlashdi. Ma`lum qilinganidek, respublikada har tomonlama rivojlangan, barkamol avlodni tarbiyalash ishiga katta e`tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda o`zbek yoshlari faollik bilan xorijiy tillarni, jumladan, yapon tilini o`rganishmoqda.

Ushbu teledastur namoyishi yapon tomoshabinlarini orasida mamlakatimizga nisbatan qiziqishni yanada kuchaytirdi, deya xabar beradi uz24.uz nashri “Jahon” axborot agentligi ma`lumotlariga tayanib.

    Boshqa yangiliklar