Eron, Malayziya, Turkiya va Qatar kelgusida o`zlariga qo`llanilishi mumkin bo`lgan iqtisodiy sanksiyalarga qarshi kurashish usullarini ko`rib chiqmoqdalar. Ular bu holatda o`zaro savdo-sotiqni oltin va ayirboshlash tizimi orqali amalga oshirishni rejalashtirishmoqda. Bu haqda shanba kuni Malayziya Bosh vaziri Mahathir Mohamad xabar bergan.
Malayziyadagi 4 kunlik islom sammiti yakunida Mahathir Eron va Qatarni iqtisodiy ta`qiqlarga qarshi tura olgani uchun maqtadi va musulmon dunyosi kelajakdagi tahdidlarga qarshi o`z choralarini ko`rishi muhimligini aytdi.
«Dunyo davlatlari iqtisodiy jazo sifatida sanksiyalarni qo`llayotgan bir paytda Malayziya va boshqa davlatlar har doim bunday cheklovlar har birimizga nisbatan qo`llanilishi mumkinligini yodda tutishimiz kerak», dedi Mahathir.
«Men o`rtamizdagi oltin dinor va ayirboshlash savdosidan foydalangan holda savdo-sotiq qilish g`oyasini yana bir bor ko`rib chiqishni taklif qildim. Biz buni sinchkovlik bilan o`rganmoqdamiz va umid qilamizki,uni amalga oshirish mexanizmini topamiz», dedi Mahathir o`rta asrlarda islomiy oltin tangalar haqida gapirar ekan.
Malayziyada 18-21 dekabr kunlari bo`lib o`tgan musulmon mamlkatlari rahbarlari sammiti Saudiya Arabistoni tomonidan tanqid qilindi. Sababi shundaki, bu sammit Saudiya tomonidan qo`llab-quvvatlanadigan va 57 nafar mamlakat a`zo bo`lgan Islom Hamkorlik Tashkilotining nufuziga salbiy ta`sir etadi deb hisoblandi. Malayziya rasmiylarining aytishicha, ular Islom Hamkorlik Tashkilotining barcha a`zo davlatlarini Kuala-Lumpurdagi sammitga taklif qilishgan, ammo unda faqatgina 20 ga yaqin davlat ishtirok etgan xolos.






