Bugun, 22 dekabr kuni O`zbekistonda Oliy Majlis qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlari uchun deputatlar saylovi bo`lib o`tmoqda. Saylov jarayonlari soat 08:00 da start oldi. Saylovchilar ba`zan yakka, ba`zan oilaviy bo`lib, saylov uchastkalariga kirib kelishmoqda. Erkin tanlov asosida o`zlari tanlagan nomzodga ovoz berishmoqda. Ushbu siyosiy jarayonning qonun doirasida o`tishi, saylovchilar va boshqa mehmonlarning xavfsizligini ta`minlash, jamoatchilik tartibini muhofaza qilish uchun ko`plab IIB xodimlari, nazoratchilar jalb etilgan.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov yaqinda bo`lib o`tgan matbuot anjumanida saylov jarayonida xavfsizlikni ta`minlash maqsadida 53 mingdan ortiq huquq-tartibot organlari xodimlari jalb etilganini ta`kidlagan edi.
Xususan saylov jarayonida ro`y berishi mumkin bo`lgan har qanday tartibbuzarliklarning oldini olish va xavfsizlikni ta`minlash maqsadida:
- 53 mingga yaqin huquq-tartibot xodimlari va jamoatchilik vakillari jalb etildi;
- barcha hududiy ichki ishlar organlari, milliy gvardiya va favqulodda vaziyatlar xizmatining rahbar xodimlari respublikamizdagi okrug va saylov uchastkalariga taqsimot bo`yicha biriktirildi;
- yo`l harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida 600 dan ziyod yo`l-patrul xizmati ekipajlari jalb etildi.
Yuqoridagilarni samarali bajarish maqsadida, respublika bo`yicha 18 mingdan oshiq ishchi guruhlari tashkil etildi. Mazkur ishchi guruhlarga 74 mingdan ziyod davlat, huquq-targ`ibot, boshqaruv va xo`jalik organlari hamda jamoatchilik vakillari jalb qilingan".
So`nggi ma`lumotlarga ko`ra soat shu paytga qadar saylov jarayonlarida huquqbuzarlik holatlari aniqlanmagan. Agar qonun buzilishi bilan bog`liq xabarlar kelib tushsa, bu bo`yicha ichki ishlar xodimlari, prokuratura saylov uchastkalarining saylov komissiyasi a`zolari bayonnoma tuzib, tegishli tartibda prokuraturaga yuboradi. Uning keyingi javobgarlik masalasi tekshirilib, xulosa bilan sud orqali tegishli tartibda hal qilinadi.






