Nodavlat Elektron Ommaviy Axborot vositalari Milliy assosiasiyasining “Naesmi Media Hall”ida “Yangi O`zbekiston – yangi saylovlar ” mavzusida o`tkazilgan ochiq muloqotda yurtimizdagi saylov jarayonlarini kuzatishga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar ham ishtirok etdi.Ular orasida Belorussiya davlat universitetining xalqaro aloqalar fakulteti dekani, tarix fanlari doktori, professor Viktor Shadurskiy ham bor edi. “Darakchi” muxbiri tarixchi olim bilan suhbatda uning mamlakat ichki va tashqi siyosati, yangilangan O`zbekistonda o`tkaziladigan siyosiy jarayonlar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
–Biz mamlakatingizda oxirgi yillardagi ichki va tashqi siyosatdagi islohotlarni juda katta qiziqish bilan kuzatib boryapmiz. Albatta, tushunamizki, bu ishlarning samarasiga erishish uchun O`zbekistonga kuchli va samarali parlament hukumati, barcha masalalarga oqilona echim topa oladigan malakali professionallar kerak.
Biz bu erga kelib, ko`pgina akademiklar, jamoatchilik vakillari bilan, shu jumladan O`zbekiston Miliy universitet olimlari bilan uchrashdik. Yurtdoshlaringizning qalbida ko`tarinki ruh, kelajakka umidvorlikni ko`rdik. Albatta, bo`layotgan o`zgarishlar kelajakda muvaffaqiyatga eltadi.
Ayni paytda O`zbekiston hukumati oldida demokratik islohotlarni joriy qilish va shu vaqtning o`zida radikal plyuralizmning oldini olish vazifasi turibdi. Radikal plyuralizm shunday holatki unda jamiyatni boshqarish juda qiyin bo`ladi. Biroq biz ishonamiz, O`zbekiston o`z oldiga qo`ygan maqsad va vazifalarini, albatta, uddalaydi, islohotlar o`z samarasini namoyon qiladi.
–Mamlakatning tashqi siyosatini qanday baholaysiz?
–Yaqinda bo`lib o`tgan Markaziy Osiyo davlatlarining rahbarlari ishtirokidagi sammitda qabul qilingan qarorlar barchada qiziqish uyg`otdi va juda katta ahamiyat kasb etdi. Chunki O`zbekiston prezidenti bu sammitda bundan buyog`iga qanday yashaymiz, mavjud masalalarni birgalikda qanday hal qilamiz, degan aniq, lo`nda savollarni o`rtaga tashladi. Ayniqsa transport yo`laklari, hamkorlikdagi transport siyosatini rivojlantirish borasidagi takliflari bizga ma`qul bo`ldi. Mamlakkatlarimizning o`xshash jihati shuki – O`zbekiston ham Blorussiya kabi dengiz yo`liga ega bo`lmagan mamlakat. Biz o`z mahsulotimizni sotishimiz uchun, nafaqat sotish, balki hamkorlikda mahsulot ishlab chiqarishimiz uchun yangi savdo yo`llarini izlab topishimiz kerak. Men ishonch bilan ayta olamanki, O`zbekistonning qo`shni davlatlar bilan bordi-keldi, oldi-sotdi munosabatlari, o`zaro qo`shma hamkorlikdagi transport aloqalari ko`p borada bizga ham ibrat bo`lishi mumkin.
–O`zbekistonga avval kelganmisiz? Saylovlarni kuzatib borganmisiz?
– Bundan bir oy oldin xalqaro konferensiyaga kelgandim. Mana, yana bir bor mamlakatingizda bo`lish imkoniyatiga ega bo`ldim. O`zbekistondagi saylovlarda oldin ishtirok etmaganman. Ammo internetdan har doim O`zbekistondagi siyosiy jarayonlarni kuzatib boraman. Saylov kodeksiga kiritilgan o`zgarishlar bilan tanishdim. Albatta, ular fuqarolarga qo`shimcha imkoniyatlarni ochadi. Biroq saylovlarda asosiysi shuki, O`zbekiston kelgusida qanday bo`lishi, parlament qanday bo`lishi mamlakatning ichkarisida hal etiladi, uning tashqarisida emas. Mana shu eng muhim haqiqat!
Shuning uchun umid qilamizki, hammasi yaxshi bo`ladi, tashkiliy ishlar ham, demokratiya ham, siz haqiqiy parlamentni qo`lga kiritasiz. U barcha murakkab masalalarni hal qiladi. Biz esa saylov jarayonlarini kuzatib sizlardan o`ziga xos tajriba o`rganamiz.
Manzura Bekjonova suhbatlashdi.






