AsosiyDunyo

O`zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a`zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo`llab-quvvatlandi

'O`zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a`zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo`llab-quvvatlandi'ning rasmi

Nyu-Yorkda 19 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish“ maxsus rezolyusiya qabul qilindi. O`zbekiston Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur hujjat BMTga a`zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo`llab-quvvatlandi. 

BMTning 2015 yil qabul qilingan 2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi global kun tartibida turizmga iqtisodiyotning mamlakatlar barqaror rivojlanishiga hissa qo`shadigan asosiy tarmoqlardan biri sifatida muhim ahamiyat qaratilgan. Xususan, turizm yangi ish o`rinlari yaratish, mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) ortishi, savdo va eksportning o`sishiga ta`sir ko`rsatadi hamda dunyodagi madaniy xilma-xillikni saqlashga yordam beradi. 

Jahon sayyohlik tashkiloti (BMT JST) ma`lumotiga ko`ra, turizm sohasidan kelayotgan yillik daromad jahon eksportining qariyb 7 foizi va jahon YaIMning 10 foizini tashkil etmoqda. 400 tarmoqni qamrab olgan turizm yiliga 1,5 trillion dollardan ziyod daromad keltirayotgan soha sifatida so`nggi yillarda dunyo miqyosida barqaror o`sishni ko`rsatayotgan yagona tarmoqdir. 

Ma`lumki, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish“ nomli rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusi ilk bor O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan joriy yil aprel oyida Pekinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan “Bir makon, bir yo`l“ xalqaro forumi doirasidagi uchrashuvda ilgari surilgan edi. 

Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Kotibiyati va BMT JST bilan hamkorlikda hujjat loyihasini ishlab chiqish va uning BMTga a`zo davlatlar tomonidan tasdiqlanishi yo`lida izchil ishlar bajarildi. 

Shuni ta`kidlash joizki, hujjat loyihasi barcha zaruriy tasdiqlash tartibotlaridan o`tdi. Jumladan, O`zbekiston joriy yil sentyabr oyida rezolyusiya loyihasini BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasi ikkinchi qo`mitasi kun tartibiga kiritdi. Mazkur qo`mita iqtisodiy o`sish va barqaror rivojlanish masalalarini ko`rib chiqishga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi hujjat mazmunini maromga etkazish va takomillashtirish maqsadida oktyabr va noyabr oylari mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga a`zo davlatlar bilan qator maslahatlashuvlar o`tkazdi. Joriy yil 14 noyabr kuni BMTning ikkinchi qo`mitasi o`z majlisida konsensus asosida rezolyusiya loyihasini qabul qildi va uni BMT Bosh Assambleyasiga ko`rib chiqish uchun tavsiya etdi. 

19 dekabr kuni O`zbekiston rahbarining tashabbusi amalga oshdi. BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisi chog`ida BMTga a`zo davlatlar umumiy konsensus asosida “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va jadal rivojlanish“ rezolyusiyasini bir ovozdan qabul qildi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, O`zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan mazkur hujjatga Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit`alarning 50 dan ortiq mamlakati hammualliflik qildi. Bu esa xalqaro hamjamiyat tomonidan O`zbekiston rahbari tashabbusi dolzarb ahamiyat kasb etishi va yuksak e`tirof etilganini namoyon etdi. Hammualliflar orasida Braziliya, Vetnam, Indoneziya, Hindiston, Irlandiya, Isroil, Xitoy, Kanada, Norvegiya, Marokash, Janubiy Koreya, Rossiya, Singapur, Senegal, Turkiya va boshqa davlatlar bor. 

Rezolyusiyada Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan BMTning 2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi global kun tartibini bajarish yo`lida qilinayotgan sa`y-harakatlar, mintaqada barqaror turizmni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan turli xalqaro tadbirlar, shuningdek, mamlakatlarning turizm sohasiga xalqaro moliya va investisiyalarni jalb etish bo`yicha ishlab chiqayotgan chora-tadbirlarining muhim ekani qayd etiladi. 

Hujjatda belgilanishicha, Buyuk ipak yo`lining Markaziy Osiyo hududi orqali o`tgani, mintaqa mamlakatlarining jahon bozorlarida turizmni targ`ib qilish borasidagi sa`y-harakatlari xorijlik sayyohlarning Markaziy Osiyoga bo`lgan qiziqishining yanada ortishiga xizmat qilmoqda. 

Bundan tashqari, BMTga a`zo davlatlar rezolyusiyada Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlashga qo`shgan salmoqli hissasini yuksak baholagan, mintaqada iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa`y-harakat va tashabbuslarni to`liq qo`llab-quvvatlashini qayd etgan. 

BMT Bosh Assambleyasi tashkilotga a`zo davlatlar, manfaatdor tomonlar va Jahon sayyohlik tashkilotiga Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan mintaqada barqaror turizmni targ`ib qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo`llab-quvvatlashni taklif etgan. 

Hujjat BMTga a`zo davlatlarni Markaziy Osiyoda barqaror turizmni rivojlantirishga qaratilgan yirik tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqiradi. Bu esa mintaqada sayyohlik tarmog`i rivojiga xizmat qiladi. 

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu rezolyusiyaning bir ovozdan qabul qilinishi O`zbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida turizmni rivojlantirish, ilm-fan, texnika, innovasiya va sayyohlik sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish orqali yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan to`liq qo`llab-quvvatlanayotganini namoyish etdi, deyiladi “Dunyo” axborot agentligi xabarida. 

 

    Boshqa yangiliklar