Davlat bojxona qo`mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining kontrabandasi fosh etildi. Bu haqda darakchi.uzga qo`mita Axborot xizmati xabar berdi.
Xususan, “Toshkent” xalqaro aeroportida xorijiy davlatga parvozi oldidan 4 nafar xorijiy davlat fuqarolari – M.T., S.M., Ya.A. va N.N.lar bojxona nazoratidan o`tishi chog`ida ularning xatti-harakatlari va bezovtalanishi bojxona xodimlari e`tiborini tortdi. Avvaliga ularning qo`l yuklari va egnidagi kiyimlari ko`zdan kechirildi. Bir qarashda hammasi joyidadek tuyulishi mumkin. U holda yo`lovchilar nimadan bezovta?
Shundan so`ng yo`lovchilar aeroportdagi bojxona postiga o`rnatilgan inson tana a`zolarini skanerlovchi “Body scanning” qurilmasi orqali ko`zdan kechirildi. Qarang-ki, ekrandagi tasvirlar shubhali tus oldi. Qurilma ushbu yo`lovchilarning organizmida, aniqrog`i yo`g`on ichak kanallarida yot jismlar borligini ko`rsatdi.
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu shaxslar belgilangan tartibda poytaxtimizdagi Shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish Respublika ilmiy markaziga olib kelinib, shifokorlar tomonidan xolislar ishtirokida tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.
Ko`rik natijasida 4 nafar yo`lovchining ichki a`zolariga maxsus o`ramlar yashirilganligi aniqlandi va chiqarib olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko`ra, 4 nafar narkokurerlarning ichki a`zolarida yashirilgan jami 268 ta o`ramlar ichida umumiy vazni 4 kg. 152,52 gr.ni tashkil etuvchi geroin giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida ham yana bir narkokurer qo`lga olindi. M.M.ismli shaxsning ichki a`zolarida 67 dona ovalsimon shakldagi o`ramlarda 1 kg 42 grammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Shuningdek, bojxonachilar “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali xorijga yo`l olgan S.M.ning qing`ir rejasini fosh etishdi. Gap shundaki, ushbu shaxs o`z ichki a`zolariga 35 dona ovalsimon shakldagi o`ramlarda 544,75 grammdan ortiq geroin giyohvandlik vositasini yashirgan ekan. Shundan so`ng unga mazkur giyohvandlik vositalarini etkazib bergan jinoiy sherigi xorijiy davlat fuqarosi Q.R.ham ushlandi.
Bojxona xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy og`irligi 5 kg. 739 gr.dan ortiqni tashkil etuvchi geroin hamda opiy giyohvandlik vositalarini ichiga yutgan holda olib o`tmoqchi bo`lgan jami 7 nafar narkokurerlar hamda mazkur jinoyatlarning asosiy tashkilotchilari bo`lgan 3 nafar xorijiy davlat fuqarolari qo`lga olindi.
Hozirda mazkur aniqlangan barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlar qo`zg`atilib, tergov organiga yuborildi.






