Shu kunlarda OAVda Janubiy Koreyaning «Uz-Dong Yang Co» QK (muassislaridan biri “O`zavtosanoat” AJ) va «Uz-Metertech Co» QK o`rtasidagi o`zaro munosabatlarda yuzaga kelgan muammolar to`g`risida xabarlar tarqaldi.
Barcha materiallarni o`rganib chiqib, “O`zavtosanoat” AJ «Uz-Dong Yang Co» QKning koreys tomoni bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini rasman ma`lum qiladi. Bundan tashqari, mamlakatimizda 1996 yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan «Uz-Dong Yang Co» QK bilan yurtimizdagi qo`shma loyihalar doirasida faoliyatni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Ma`lumki, “O`zavtosanoat” AJning asosiy vazifalaridan biri iste`molchilarni sifatli mahsulot bilan uzluksiz ta`minlash, avtosanoatdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko`maklashish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali tannarxni optimizasiyalashdan iborat. Ularni bajarish doirasida «UzAuto Motors» AJ tomonidan kelgusida ikki kompaniya o`rtasidagi bahsning asosiy manbai bo`lgan jihoz sotib olingan. «UzAuto Motors» AJ zavodlarini detallar bilan o`z vaqtida ta`minlash bo`yicha ishlab chiqarish vazifalarini hal qilish uchun, ushbu jihoz, kompaniya tasarrufida qolgan holda, «Uz-Dong Yang Co» QKga beg`araz foydalanishga taqdim etilgan.
OAVda qayd etilgan savollar va barcha tafsilotlarga keladigan bo`lsak, tomonlar bahsi sud tartibida O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ko`rib chiqiladi. O`z navbatida, “O`zavtosanoat” AJ barcha masalalar qonun doirasida adolatli hal etilishiga amin bo`lib, «Uz-Metertech Co» QK va «Uz-Dong Yang Co» QK o`rtasida yuzaga kelgan masalalar ushbu korxonalarning «UzAutoMotors» AJ bilan o`zaro mantfaatli hamkorligiga aslo ta`sir ko`rsatmaydi. Kompaniya mahalliy avtomobilsozlik tarmog`i rivojiga munosib ulush qo`shayotgan xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlarni yaratish uchun barcha choralarni ko`rishda davom etadi.






