Og`ir kunlarda doimo bir-biriga elkadosh bo`lgan xalqimiz shu kunlarda metroning “Yunusobod” yo`nalishida sodir bo`lgan fojiada halok bo`lgan hamyurtlarimiz oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, ta`ziya bildirishda davom etishmoqda.
Hatto qo`shni va olis viloyatlardan ham kelib, bunday qayg`uli kunlarida sherik ekanlarini izhor qilishmoqda. Savobli ishlarda peshqadam bo`lgan diniy soha xodimlari bu ishda ham ibrat bo`lishmoqda.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o`rta-maxsus diniy ta`lim muassasalarida 90 ta xatmi Qur`on o`qilib, halok bo`lganlar ruhi poklariga bag`shida qilindi, deya xabar beradi O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.
Xatmi Qur`onlar yakunida Yaratgan Parvardigordan halok bo`lganlarning solih amallarini o`zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag`firat etishini, yotgan joylarini jannat bog`laridan bir bog` qilishini iltijo qilib so`raldi.






