AsosiySiyosat

Tanzila Narbaeva Turkiya Buyuk millat majlisi Raisi bilan uchrashdi

'Tanzila Narbaeva Turkiya Buyuk millat majlisi Raisi bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Turkiy tilli mamlakatlar Parlament Assambleyasining (TurkPA) to`qqizinchi yalpi majlisida qatnashdi.

Ozarbayjon Respublikasiga tashrif doirasida  joriy yil 19 dekabr kuni  O`zbekiston delegasiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaevaning Turkiya Buyuk millat majlisi Raisi Mustafo Shentop bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Suhbat davomida ikki mamlakat o`rtasida rivojlanib borayotgan parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari haqida fikr almashildi. Mamlakatlarning parlament a`zolari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni yo`lga qo`yish maqsadida muntazam ravishda delegasiyalar tashriflari amalga oshirilmoqda, parlament a`zolari qonun ijodkorligi faoliyatini o`rganib, o`zaro tajriba almashmoqda. Oliy Majlisning Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo`yicha parlamentlararo guruhi faoliyat ko`rsatmoqda. Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Turkiya Buyuk millat majlisi Tadqiqot markazi o`rtasida aloqalar o`rnatildi.

Turkiya tomoni O`zbekistonni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda yirik kompaniyalar mutaxassislari hamda vakillarini jalb qilishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida imzolangan ikki tomonlama kelishuvlarni ratifikasiya qilish bo`yicha ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisiga Turkiyaga tashrif buyurish taklifini bildirdi.

    Boshqa yangiliklar