AsosiyJamiyat

EOII: Migrantlar “matematika”si yoki uning tagida nimalar yotibdi?

'EOII: Migrantlar “matematika”si yoki uning tagida nimalar yotibdi?'ning rasmi

Matematika “hazrat”lari – aniq fan. Unda fantaziya yoki xom xayollar emas, balki – aniq raqamlar hukmron. Ularni turli “kuy”ga solib “sayratish” mumkin. Bu esa matematika bilan muomala qiladigan “kompozitor”ga bog`liq. 

Nimasini aytasiz, “qaysar” raqamlar tilga kirganda, o`rni kelgan hollarda, “laqqa” tushib, ishonishdan o`zga chorangiz  qolmaydi. Boshqa hollarda esa, qochgani joy topolmaysiz. Dunyo ko`zingizga “tim qorong`u” bo`ladi-qoladi. Shunday kezlarda beixtiyor “Dod!”, - deb yuborgingiz ham keladi.

Fikrni yoki ilgari surilayotgan g`oyani isbotlashda matematikadan foydalanish – o`ziga xos “silny xod”. Biroq, uning bir kamchiligi bor: matematikadagi raqamlar – tilsiz. Jonsiz raqamlarga jon ato etish esa – “muallif-matematik”ning vazifasi. Afsuski, shu maqsadda undan oqilona va to`g`ri foydalanish hammaning ham qo`lidan kelavermaydi. Bunda muallifning “PhD” ekanligi yoki uning Xelsinki universiteti tadqiqotchisiligi ham ish bermay qolishi mumkin.

“Migrant-vatandoshlar”imizning og`ir ahvoli va ularga nisbatan bo`layotgan “adolatsizlik”lar to`g`risida uzoqdan turib “qayg`urayotgan” mualliflardan biri “O`zbekiston EOIIga a`zo bo`lgandan keyin ham vaziyat yaxshi tomonga o`zgarmaydi”,- qabilidagi fikrni “olg`a” surib, turli “hayotiy” va “haqqoniy” raqamlarni keltiribdi. Ularni qo`shib, ayiribdi. Ko`paytirib, bo`libdi. Ayrim hollarda foizlar ham chiqaribdi. Faqat raqamlardan, uzr, uning “kvadrad ildiz” chiqarishi, “hosila” ko`rinishida ifodalashi, “limit”lashi, “integral” va “differensial”... tarzda aks ettirishi qolibdi, xolos! 

Va nihoyat, o`sha “raqam”larga asoslanib, vaziyatning yaxshi tomonga o`zgarmasligini ko`rsatuvchi “original”, go`yo hech kimning xayoliga kelmaydigan “xulosa”lar ham chiqaribdi. Mana ulardan biri: “...kamida ikki million kishi patentsiz, ya`ni norasmiy ishlaydi”.

...Essiz, matematika! Essiz, raqamlar! U(lar)ni bekorga ovora qilishibdi. Ishda band bo`lganlarning ma`lum bir qismi patentsiz yoki norasmiy ishlashi allaqachonlardan buyon “ko`rga – hassadek!”, ayon-ku!

“Xufyona sektor” bor ekan – bu davom etaveradi. Bu sektor yo`q bo`lgan mamlakatning o`zi esa – yo`q (aslo “Bor!”,- deya ko`rmang, bekorga ovora bo`lasiz!). Faqat uning ko`lami bir mamlakatda – tor, boshqasida esa – keng. Rossiya esa – ana shu ikkinchi guruhga kiradi. 

“Migrant”imizning qaysi “sektor”da ishlashi – uning o`ziga havola, o`ziga bog`liq. U “aql”li bo`lsa, hayotning baland-pastini tushunsa, o`zini xavf-xatarga qo`ymasa, “risk”ka bormasa yoki uni minimallashtirishga harakat qilsa, tayinli daromad olishiga qat`iy ishonsa va undan umidvor bo`lsa – rasmiy, qonuniy, “oshkora sektor”da ishlashni o`ziga ep ko`radi. Bu toifaga kiruvchi “migrant”larimiz ko`pchilikni tashkil qiladi. Ular o`zga yurtlardan “bir narsa”ni orttirib, o`z yurtlariga “tinch”gina va “sog`-omon” qaytmoqdalar.

Aksincha, boshqa toifaga kiruvchi “migrant”larimiz esa “og`irning ustidan va engilning ostidan” yurishga harakat qilib, noqonuniy quruq va`dalarga ishonib, “xufyona sektor”da ishlayaptilar. Bu “sektor” – noqonuniy sektor. Unda ishlayotgan “migrant”larimiz o`zlarini bir necha barobar xavf ostiga qo`yayaptilar. Ular o`z ixtiyorlari bilan qonunni buzganliklari uchun qonun ularni himoya qilolmaydi. Bu toifadagi “migrant”larimiz, to`g`risi, “azob” chekishyapti, kamsitilayapti!

Ovora bo`lmaylik: bunday qonunbuzarlarning “dod-voy”i hech qaerda “eshitilmaydi”. Natijada ularning bir qismi o`z “vatan”lariga “he mirisiz” qaytishmoqda. Qarzdor bo`lib qolganlari ham bor. Bir necha yildan buyon ortga qaytolmasdan ota-onasini “kuydirayotgan”, farzandlari ko`zini “jovdiratayotgan”, sevikli yorini “mushtoq” qilganlar ham – shular orasida. Bularning bari – oddiy, hayot tajribasiga ega bo`lmagan, sodda “migrant”larimiz fojeasi, kerak bo`lsa bizning ham fojeamiz!

O`zbekistonning EOIIga a`zo bo`lishidan “tashvish”ga tushib, “uzoqdan mo`ralayotgan” matematik “do`stim”! Matematik “til”da “fakt”larni quruq “konstatasiya” qilgandan ko`ra, buning o`rniga matematikaning “kuch”ini masalaning bu jihatiga qaratsak – migrant-vatandoshlarimizni hushyorlikka chaqirsak – nur ustiga a`lo nur bo`lmasmidi?!... 

Tohir MALIKOV, iqtisodiy fanlar doktori, professor

    Boshqa yangiliklar