O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi va Madaniyat vazirligi o`rtasida 5 yil muddatga o`zaro anglashuv va hamkorlik to`g`risida memorandum imzolandi.
Imzolarni O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vaziri Argippina Shin va Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev imzoladi.
Hujjat bolalar ma`naviyatini shakllantirishda, birinchi navbatda mamlakatda mustaqil fikrlay oladigan va intellektual salohiyatli, ma`naviy etuk bolalarni tarbiyalashda hamkorlikni ko`zda tutadi.
Memorandumni imzolashdan maqsad, bolalarda ularning yoshligidan madaniyat va san`atga muhabbat uyg`otishdir. Muzey va teatr tomoshalariga majburiy bepul ravishda tashrif buyurish maktabgacha yoshdagi bolalarda ma`naviyat, estetik didni rivojlantirishga yordam beradi.
"Madaniyat vazirligi bilan qo`shma loyihalar oldimizga qo`yilgan qator vazifalarni bajarishga imkon beradi. Natijada, bolalarning ma`naviy va axloqiy tarbiyasini oshirish jamiyat rivojining muhim omillaridan biridir", deydi Maktabgacha ta`lim vaziri Argippina Shin
Ushbu Memorandumni amalga oshirish uchun bolalarni ma`naviy, axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy va umumbashariy qadriyatlarni hurmat qilish kabi o`zaro hamkorlik yo`nalishlari belgilandi, jumladan
- iqtidorli bolalarni qo`llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini oshirish uchun sharoit yaratish;
- xalqimizning tarixiy merosi va milliy urf-odatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish;
- har bir bolaning iqtidorni aniqlash va rivojlantirish, maktabgacha tarbiya sohasida qo`shma tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni tashkil etish;
- Madaniyat vazirligi tasarrufidagi o`rta maxsus va oliy o`quv yurtlari o`quvchi-talabalarining davlat ta`lim muassasalarida o`quv amaliyotini tashkil etish.
Uchrashuvda tomonlar, shuningdek, kelgusida hamkorlik qilish va istiqbolli loyihalar rejasini yaratish masalalarini muhokama qildilar.






