Kecha, 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo`lining yangi qurilayotgan qismida favqulodda vaziyat vujudga kelgan edi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig`iga muvofiq sodir bo`lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida o`rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a`zolariga yordam ko`rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi.
Voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida olti nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqildi va ularning shaxsi aniqlandi. Qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlanib, Komissiya ishining birinchi fazasi nihoyasiga etdi, deya ma`lum qildi FVV.
Ayni paytda Komissiya tomonidan hodisa sabablari va oqibatlarini o`rganish hamda bartaraf qilish ishlari jadal davom ettirilmoqda, mazkur holatning vujudga kelishiga sababchi bo`lgan va yo`l qo`ygan mas`ul tashkilot va shaxslar aniqlanmoqda. Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida shu va boshqa ko`ngilsiz holatlar takrorlanishini oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Baxtsiz hodisa oqibatida halok bo`lganlar yashash manziliga etkazildi. Pudratchi-quruvchi tashkilotlar tomonidan ularning oila-a`zolari va yaqinlariga 100 million so`mlik dastlabki tovon pullari to`lab berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo`shimcha kompensasiya pullari to`lab beriladi.
Ayni paytda viloyatlar hokimliklari va jamoatchilik vakillari marhumlarning oilasidan xabar olib, zarur yordam ko`rsatmoqda.






