17 dekabr kuni O`zbekiston musulmonlari idorasi Oliy hay`atining navbatdagi kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Oliy hay`at a`zolari, Diniy idora rahbariyati, bo`lim boshliqlari, taniqli imom-xatiblar ishtirok etdi.
Yig`ilish Qur`oni karim tilovati bilan boshlandi.
Majlisda yakuniga etib borayotgan 2019 yilda O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Jumladan, masjidlar, diniy ta`lim muassasalari, ziyoratgohlar va tizimdagi boshqa tashkilotlar faoliyatining yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi. Shuningdek, 2019 yilda masjidlar faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar haqida so`z yuritildi.
Yig`ilishda tashkiliy masala ko`rildi.
Unga ko`ra, O`zbekiston musulmonlari idorasi tuzilmasida yangi joriy etilgan raisning birinchi o`rinbosari lavozimiga Ishmatbekov Homidjon Bahromovich nomzodi bir ovozdan ma`qullandi.
Ma`lumot o`rnida:
Ishmatbekov Homidjon 1970 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. Toshkent islom instituti, Madina islom universitetida tahsil olgan. Faoliyati davomida "Ko`kaldosh" o`rta maxsus islom bilim yurti mudiri, Toshkent shahar "Muhammad Nosir hoji" masjidi imom-xatibi, O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo`limi mudiri lavozimlarida xizmat qilgan. Bir qator kitob va ilmiy maqolalar muallifidir.






