AsosiyJamiyat

Yaponiyada o`qiyotgan o`zbekistonlik talabalarga Prezident sovg`alari topshirildi

'Yaponiyada o`qiyotgan o`zbekistonlik talabalarga Prezident sovg`alari topshirildi'ning rasmi

Mustaqillik yillarida o`zbekistonlik 5 mingdan ziyod talaba Yaponiya universitetlarini tamomlab, Vatanimiz ravnaqi yo`lida xizmat qilmoqda. Yaponiyaning eng nufuzli oliy ta`lim maskanlaridan biri bo`lgan Nagoya universitetida bugungi kunda o`nlab yoshlarimiz tahsil olmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga tashrifi doirasida 18 dekabr kuni mazkur universitetda o`qiyotgan talaba va tadqiqotchilarga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg`alarini topshirish marosimi bo`ldi.

Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov, O`zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo`ldoshev, O`zbekiston oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Inom Majidov Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov ishtirok etdi. 

Akmal Burhonov O`zbekiston Yaponiya bilan ta`lim sohasida izchil hamkorlik olib borayotgani, buning natijasida ko`plab yoshlarimiz ushbu mamlakatda tahsil olib, o`z bilim va salohiyatini namoyon etayotganini ta`kidladi. Vatanimizning bu yoshlardan umidi katta ekani, ular kelgusida zamonaviy ilm-fan yo`nalishlari, yuqori texnologiyalar bo`yicha egallagan bilimlarini yurtimizga safarbar qilishga tayyor ekani qayd etildi.

Shundan so`ng talaba yoshlarga Prezidentimiz sovg`alari – zamonaviy kompyuterlar tantanali ravishda topshirildi.

– Biz, yoshlarga ko`rsatgan yuksak e`tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz, – deydi Nagoya universiteti doktoranti Umida Husainova. – Yaponiyadan etuk mutaxassislar bo`lib qaytib, yurtimizni yanada taraqqiy ettirish yo`lida bor bilim va tajribamizni ishga solamiz.

    Boshqa yangiliklar