O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan jurnalist B.Sultonovaning murojaatida (www.facebook.com) va ba`zi ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilgan qashqadaryolik qiz N.B.ning taqdiri yuzasidan davlat va nodavlat tashkilotlar vakillaridan tarkib topgan Ishchi guruh tuzilib, holat joyiga borib o`rganildi. MUROJAAT MATNI QUYIDA KELTIRILGAN
Buni men Respublika xotin-qizlar sahifasiga va lichkasiga yozdim, umid qilaman, javob bo`lishiga
"Dunyolarni yuqoridagilarga sovg`a qilib ketmoqchiman", deb yozibdi respublika xotin-qizlar qo`mitasiga yozgan o`z maktubida qashqadarayolik nomusi toptalgan, ammo nomusini toptagan odam bir chetda qolib boshqalarni ro`baro` qilayotgan, hattoki qizni fohishalikda ayblayotgan (14 yoshli o`qituvchining qizi qanday fohishalikka ulguradi)farzandi birovlarga berib yuborilgan, lekin haqiqat topolmayotgan 15 yoshli N.B. Uning onasi boshini ko`tarolmay qolgani, atrofidagi odamlarning ta`nasidan xo`rliklarga chidolmay ikki marta o`z joniga qasd qildi. Birinchisida 40 foiz kuyib omon qoldi, ikkinchisida o`zini osganda mana shu qizi ipni pichoq bilan kesib qutqarib qolgandi. Endi esa qiz dori ichib o`z joniga qasd qilibdi. Ammo u onasining do`xtirga olib chopishlari tufayli tirik qolgan. Bu safar ona qizini o`limdan olib qoldi. Munchalar bizning yurtda inson, ayol qadri bir chaqalik qimmati yo`g`a. Ikki ayol adolat izlab hayotdan to`ymoqda, hayotdan to`ydirishmoqda. Ularni junglidan, yovvoyi odamlar, o`rmondagi vahshiy hayvonlardan qutqaradigan nahotki birorta mard yo`q. O`sha chirkin jamiyatdan, muhitdan olib chiqib ketadigan chora-tadbir yo`q. Men ikki ayolning quyoshi qanday otayotganini, qanday botayotganini tasavvurimga sig`dirib qo`rqib ketayapman. Kunlari qanday o`tayapti, ta`nayu dashnomlardan egan luqmasi tomog`idan qanday o`tayapti. Birgina nomus toptalishi orqasidan nega ularga buncha malomat. Nomusi toptalishi ortidan ikki ayolning taqdiri izdan chiqib ketdi, umri talosh bo`ldi. Bunga javobgar bo`lgan aybdorlar qanday jim kuzatib turibdi ularning ahvolini, qanday uxlayapti. Maktab direktori qizning nomusini toptagan deb gumonlanayotgan yigit (qizning uyiga temir so`rab chiqqan qo`shni yigit, qiz podvalga kirganda zo`rlagan)ning qarindoshi ekan. Qizning onasi depressiyaga tushib kasal bo`lib qolgach tuzalib ishga qatymoqchi bo`ladi. Ammo ishdan haydashadi, loaqal farroshlikni bering ishlay desa quvib solishibdi. Bir qizning umrini do`zaxga aylantirgan yigit o`lgur seni qanday er ko`tarib turibdi. Nohaqlik qilayotgan ichki ishlar xodimlari, o`qituvchilar — senlarni ham ayol tuqqanmi...Bunday xo`rliklar, tahqirliklarning chek chegarasi bormi? Yoki ularning umriga zomin bo`lib qutulasizlarmi? Lekin keyin bu yuk bilan qanday yashaysizlar?.....
Ushbu voqea ikki tomonning, (ya`ni qiz va yigitning onalari) kelishuvi asosida yashirilgan, tug`ilgan bola ikki tomonning o`zaro boladan tonishi oqibatida tuman tug`ruq kompleksi tomonidan boshqa oilaga vasiylik belgilab berib yuborilgan (qonunda bolani ochiqlash mumkin emas).
Hozirda qizning onasi avvalo sog`ligini tiklab olishi, keyinchalik ishga qaytishining imkoni yaratildi. Yigitga qarindosh hisoblangan maktab direktori lavozimidan bo`shatildi. Bu holatda asosiy jabrdiyda bo`lib qolayotgan qiz N.B.ni reablitasiya qilishning choralari ko`rilmoqda.
Biroq, mazkur jarayonda hozircha ochiqlanishi mumkin bo`lmagan, chuqur o`rganish va tahlilni talab etadigan (masalan: tarafkashlik, mansab talashish, yigitning DNK tekshiruvi, qizning xatni yozgan-yozmagani, dori ichgan-ichmagani va h.o) kabi holatlarda noaniqliklar mavjud bo`lgani bois, ishga to`liq aniqlik kiritish va yakuniga etkazishni Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Mirzaev hamda O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi raisi E.Basitxanova shaxsan nazoratlariga oldilar.
Yakuniy xulosa yuzasidan o`rnatilgan tartibda axborot beriladi.






