AsosiyJamiyat

O`zbekiston“Expo Milano 2015” jahon ko`rgazmasida ishtirok etadi

2015 yilning 1 mayidan 31 oktyabriga qadar Italiyaning Milan shahrida “Expo Milano 2015” jahon ko`rgazmasi o`tkaziladi. Unda O`zbekiston ham ishtirok etadi, deya xabar qiladi O`zA.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 29 dekabrdagi qaroriga muvofiq mazkur ko`rgazmada mamlakatimiz kompaniyalarining keng ishtirokini ta`minlash, Italiyada O`zbekiston milliy pavilonini tashkil etish bo`yicha tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.
Jahon ko`rgazmasi ilk bor 1851 yili Londonda tashkil etilgan. Ko`lamdorligi va samaradorligi bois keyinchalik boshqa mamlakatlar ham uni o`tkazishga qaror qilgan. Dunyoga mashhur Eyfel minorasi Parijda o`tgan “Expo Paris 1889” jahon ko`rgazmasiga bag`ishlab barpo etilgani uning nufuzidan yana bir dalolat. 1928 yilda Fransiyada jahon ko`rgazmalarini tashkil etuvchi uyushma – Xalqaro ko`rgazmalar byurosi tuzilgan. Shundan buyon ushbu tadbirga mezbonlik qiluvchi mamlakat ovoz berish orqali tanlab olinadi. Kamida olti oy davom etadigan “Expo” jahon ko`rgazmasi har besh yilda o`tkaziladi.
“Dunyoni oziqlantirish, hayot uchun quvvat” shiori ostida o`tkaziladigan bu galgi jahon ko`rgazmasida 150 ga yaqin mamlakatdan mingdan ortiq kompaniyalar ishtirok etishi, unga 30 milliondan ziyod kishi tashrif buyurishi kutilmoqda. Ko`rgazma iqtisodiyot, qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat sanoatining barcha zamonaviy yo`nalishlarini qamrab oladi. U erda atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilmaxillikni saqlash, qishloq xo`jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta`minlash va ularni saqlash masalalari, ishlab chiqarishning innovasion texnologiyalariga oid o`nlab bo`limlar ochiladi.
Mazkur nufuzli ko`rgazmaga O`zbekistonning taklif etilgani bejiz emas. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatimizning eksport salohiyati izchil yuksalib bormoqda. “Made in Uzbekistan” yorlig`i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o`rin egallamoqda. Eksportni qo`llab-quvvatlash, bunday korxonalarga imtiyoz va preferensiyalar berishga katta e`tibor qaratilmoqda. Bunday imkoniyatlar samarasida o`z mahsulotlarini eksport qilish istagidagi ishbilarmonlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Ular taklif etayotgan mahsulot va xizmatlar yuqori sifati bilan xorijlik iste`molchilarga manzur bo`lmoqda.
“Expo Milano 2015” jahon ko`rgazmasi mamlakatimizning ulkan iqtisodiy salohiyatini dunyoga namoyish etish, oziq-ovqat sanoatidagi xalqaro talab va ehtiyojlarni o`rganish, yangi hamkorlar topish, eksport geografiyasini kengaytirish, shuningdek, Italiya bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligidan ma`lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko`rgazmada mamlakatimizning sarmoya, eksport-import, konsalting hamda transport xizmatlari ko`rsatish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalarga ixtisoslashgan muassasalar, shuningdek, paxta tolasi, engil va kimyo sanoati, qishloq xo`jaligi, qurilish materiallari, mashinasozlik, metallurgiya, to`qimachilik, farmasevtika, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste`mol mollari va mebellar savdosi bilan shug`ullanuvchi kompaniya va korxonalar ishtirok etadi. Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi, “O`zmarkazimpeks”, “O`zinterimpeks”, “Markazsanoateksport”, “O`zprommashimpeks”, “O`ztadbirkoreksport”, “O`zvinosanoat-xolding”, “O`zulgurjisavdo invest”, “O`rta Osiyo Trans”, “O`zbekiston havo yo`llari” kabi muassasa va kompaniyalar shular jumlasidandir.
“Expo Milano 2015” jahon ko`rgazmasida O`zbekiston milliy paviloni uchun 500 kvadrat metr joy ajratilgan. Unda mamlakatimiz iqtisodiyoti, qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat sanoati, xalqimiz madaniyati va milliy taomlariga oid to`rt bo`lim tashkil etiladi. Milliy kolorit bilan bezatiladigan O`zbekiston paviloni o`ziga xos dizayni va mazmunan boyligi bilan ko`rgazma ishtirokchilarining e`tiborini tortishi shubhasiz.
Ko`rgazma ishtirokchilari xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi, istiqlol yillarida mamlakatimiz erishgan yutuqlar, O`zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, erkin iqtisodiy zonalari, rivojlangan transporti infratuzilmasi, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish va ularni qayta ishlash sanoati, g`allachilik, bog`dorchilik, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalaridagi tajribasi, zamonaviy texnika va texnologiyalari, o`zbek milliy taomlari, non va qandolat mahsulotlari, urf-odat va an`analariga oid ko`plab ma`lumotlar bilan tanishish imkoniga ega bo`ladi.
Xalqaro ko`rgazma doirasida oziq-ovqat mahsulotlari sifatini oshirish va xavfsizligini ta`minlash, sohada yangi innovasiya va texnologiyalarni keng joriy qilish, sog`lom ovqatlanishni targ`ib etish kabi ko`plab mavzularda seminar va konferensiyalar o`tkaziladi.
“Expo Milano 2015” jahon ko`rgazmasi mamlakatimiz kompaniya va korxonalari uchun xorijiy davlatlar ishbilarmonlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik o`rnatish, mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo`yicha kelishuvlarga erishish, yurtimizga investisiyalar jalb etish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga keng imkoniyat yaratadi.

    Boshqa yangiliklar