AsosiyDunyo

“Eng qimmat” orol: tashrif uchun maxsus ruxsatnoma

Niixau (Niihau) oroli “Ginness rekordlar kitobi”ga eng qimmat orol nomi bilan kirishga muvaffaq bo`ldi. Uning qiymati 100 mln. AQSh dollarga baholanmoqda. Ushbu Gavay arxipelagidagi eng kichik orolning egasi 1864 yildan Robinsonlar oilasi hisoblanadi.

Niixauning ikkinchi nomi “Taqiqlangan orol” bo`lib, uning maydoni 179,9 km2, uzunligi 30 km, kengligi esa 10 km. tashkil qiladi. Taqiqlangan orol — bu o`chib qolgan vulqon cho`qqisidir. Hozir u dengiz sathidan 381 m balandlikda joylashgan.

Niixauda Xalulu ko`li va Puuvai qishlog`i bor. Unda faqat mahalliy aholidan iborat 160 kishi yashaydi, ularning deyarli barchasi gavayiliklardir. Aborigenlar qishloq xo`jaligi va baliqchilik bilan shug`ullanadilar.

1915 yilda orol tabiatini asrab qolish maqsadida sayyohlar tashrifi taqiqlandi. Ushbu orolga kelish uchun maxsus ruxsatnoma kerak.

Taqiqlangan orolda mobil aloqa, suv quvurlari, yo`llar, kanalizasiya tizimi yo`q, elektroenergiyani esa aholi quyosh batareyalaridan oladi. Ba`zi oilalarda televizorlar bor, ammo signal etib bormaganligi sababli unda faqat disklar tomosha qilishadi. Bu erda do`konlar ham yo`q. Mahalliy aholi barcha zaruriy narsalarni Kauai orolidan olishlari mumkin. Shunga qaramay, bu erda 50 o`quvchiga mo`ljallangan maktab mavjud.

Orol aholisi ichimlik suvi etishmovchiligidan aziyat chekadi, iqlimi quruq, qurg`oqchilik mavsumlarida mahalliy aholi boshqa orollarga ko`chiriladi.

    Boshqa yangiliklar