AsosiyDunyo

“Qiyshiq” inshootlar

Qadimda minora yoki binoning bir tomonga og`ishi noto`g`ri hisob-kitoblar oqibatida yuz bergan bo`lsa, hozirda arxitektorlar bunday inshootlarni o`zlari o`ylab topishmoqda, deb yozadi xabardor.uz.

1. Tatlin minorasi. 1919 yili arxitektor Vladimir Tatlin Moskva yoki Leningradda qad ko`tarishi mo`ljallangan minora loyihasini yaratgan. Uning balandligi 400 metr, og`ish darajasi — 23,5 daraja. 

Ushbu loyihada ikki metall spiralning bir-biri bilan mutanosib holda tiklanishi ko`zda tutilgandi. Binoning pastki qismi yil davomida bir marta aylanardi. Uning ustida ehrom shaklidagi bino bo`lib, u bir oyda bir marta o`z o`qi atrofida aylanardi. Ammo bu loyiha qog`ozda qolib ketgan.

2. “Evropa darvozalari” (Puerta de Europa de Madrid) — egizak minoralar. U dunyodagi birinchi og`ma osmono`par binodir. 1994 yilda bunyod etilgan minoralar bir-biriga qarab 15 daraja burchak ostida og`ib turadi. Balandligi 114 metr, 26 qavatdan iborat. Ikkala minoraning qurilishi bir vaqtda boshlangan va bir vaqtda nihoyasiga etkazilgan. 

Imorat qovurg`asi (karkasi) zanglamaydigan po`latdan qilingan. Ichkarida o`lchami 60×10×10 metrli monolit betondan tayyorlangan shayin 15 darajali burchakni muvozanatda ushlab turadi.

3. Shvesiyadagi Karolina tibbiyot institutining “Aula Medica” audioriyasi. V harfi shaklidagi ma`ruzalar korpusining konferens-zali maydoni 13 700 kv. metrga teng.

Arxitektorlarga balandligi uch qavatli bino bilan teng ming kishilik zalni inshoot ichiga sig`dirish vazifasi qo`yilganligi bois korpus mana shunday ko`rinishda bunyod etilgan. 

Fasad tizimi vertikal yog`och to`sinlar va diagonal sinchlardan tashkil topgan.

4. Issam Faresning ijtimoiy siyosat va xalqaro aloqalar instituti, Bayrut, Livan. “Zaha Hadid Architects” loyihasi. Arxitektorlar oldiga qo`yilgan vazifa murakkab edi: institutning yangi zamonaviy binosini XIX asr inshootiga “sig`dirish” kerak edi. Oqibatda umumiy maydoni 3000 kvadrat metrni tashkil etuvchi uch qismdan iborat tuzilma paydo bo`ldi.

Uch qismli tuzilma vertikal bo`ylab rivojlanib boradi va har bir qismning o`z kirish yo`li mavjud. 

Bino monolit temir-betondan tiklangan. Binoning barcha detallari mohirona ishlangan.

5. Monreal minorasi. Monreal, Kanada. Minora Monrealdagi Olimpiya stadionining bir qismi hisoblanadi. Uning balandligi 175 metr bo`lib, dunyodagi eng baland og`ma minoradir. Uning yuqori qismida tomosha maydonchalari joylashgan.

Tashrif buyuruvchilar 76 kishi sig`adigan shaffof funikulerda yuqoriga ko`tarilishlari mumkin. Unda maxsus gidravlik tizim bo`lib, u yuqoriga bo`ladigan ikki daqiqalik sayohat davomida kayutani gorizontal holatda tutib turadi.

Minoraning og`ish burchagi — 45 daraja. Darvoqe, Piza minorasining og`ish burchagi atigi 5 darajaga teng. Minora yuqori qismining og`irligi — 8000 tonna, beton poydevorning og`irligi esa 145 000 tonna.

6. “Capital Gate” osmono`pari. Abu-Dabi, BAA. Balandligi 160 metrli bu og`ma bino 2011 yil oxirida foydalanishga topshirilgan. Uning og`ish burchagi 18 darajani tashkil etadi.

Binoning poydevori 30 metr chuqurlikka qoqilgan 490 ta ustun bilan mustahkamlangan. Binoning asosini esa 8,5 mingta plastinadan iborat po`lat “skelet” tashkil etadi.

Po`lat armaturalardan to`qilgan panjaralar har birining og`irligi 5 tonna keladigan 18 ta shisha ko`zgudan iborat ishlov berilgan olmos ko`rinishidagi 728 ta ulkan shisha panellar bilan qoplangan. Minorada jami 12,5 mingta shisha ko`zgu bor. 

7. “Excalibur” qoyadromi. Groningen, Gollandiya. Ekskalibur — alpinistlar uchun mo`ljallangan dunyodagi eng baland devor. Gollandiyada tog`lar yo`qligi bois mazkur shahar hokimiyati tog`larda dam olishni xush ko`ruvchilar uchun sharoit yaratishgan. 

Uning balandligi 37 metr. Faqat tajribali alpinistlargina uni zabt eta olishadi. Istagan odam o`zini alpinist sifatida sinab ko`rishi mumkin. 

8. “CCTV” shtab-kvartirasi. Pekin, Xitoy. Bino 2009 yilda qurilgan, hozir bu erda Xitoy markaziy televideniesining ofisi joylashgan.

Balandligi 234 metr, 54 qavatli. Uning ko`rinishi ham ajoyib. Qiyalagan minoralar bir-biri bilan yuqori qismlari orqali tutashgan.

Har ikki minoraning og`ish burchagi 6 daraja bo`lib, ular bir-birini suyab turadi.

9. “Torre de telecomunicaciones de Montjuïc” (Monjuik telekommunikasiya minorasi). Barselona. Ispaniya. Minoraning umumiy balandligi 136 metr. U 17 daraja burchak ostida og`ib turadi.

Minora asosi kosani eslatuvchi konstruksiyadan iborat. Kosa markazida teleantenna bo`lib, u quyosh soati vazifasini ham bajaradi.

10. Amerikadagi “Piza minorasi”.  Nayls, AQSh. Bu “Piza minorasi” qurilganiga 70 yildan oshdi.

U suv tortish minorasi bo`lib, Piza minorasining ikki baravar kichaytirilgan nushasidir. Og`ish burchagi — 5,3 daraja.

11. “Bella Sky Hotel”. Kopengagen, Daniya. “Bella Sky”ni dunyodagi eng og`ib turuvchi mehmonxona deb atash mumkin. U balandligi 76,5 metrli ikki minoradan iborat bo`lib, ularning og`ish burchagi 15 darajani tashkil etadi.

Mehmonxonada 814 ta nomer bo`lib, ularning har birining derazasidan Amager parki va Orestad rayoni hamda Kopengagenning tarixiy obidalari ko`rinib turadi.

12. Denver badiiy muzeyi, Denver, Kolorado, AQSh. Bino xuddi qulab tushayotganday taassurot uyg`otadi. Muzeyning vertikal devorlari yo`q.

Konstruktorlar binoni loyihalashtirish uchun maxsus 3D modeldan foydalanishgan. Inshootning barcha qismlari zavodda tayyorlangan bo`lib, qurilish maydonida yig`ilgan. 

Poydevori 116 ta ustunga o`rnatilgan. Sinchi po`lat qovurg`alardan iborat (og`irligi 2740 tonna, 3100 ta po`lat to`sin + 16 500 ta boshqa po`lat qismlar, 50 000 ta bolt, 2850 ta payvand choki). To`siq sifatida titan va granit plitalardan foydalanilgan.

13. “Laxta sentr”, Sankt-Peterburg, Rossiya. Sankt-Peterburgda qurilayotgan “Laxta sentr” majmuasi o`ziga xos konstruksiyasi bilan ajralib turadi.

Binoning balandligi o`zgaruvchan —22 dan 84 metrgacha.

 

    Boshqa yangiliklar