AsosiyShou-biznes

“Angish Fashion show” - go`zallik va zamonaviylik uyg`unligida

Go`zallik, yaratuvchanlik dunyoni o`zgartirishga qodir. Go`zallikni sevuvchilar esa uning yaratuvchilarini ham qadrlaydilar. Kecha, 21 yanvar kuni poytaxtimizdagi “Osiyo Grand” restoranida “Art Expo Servis” kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan “Angish Fashion Show Tashkent - 2015” modalar namoyishiga ham moda dunyosining ixlosandlari, taniqli dizaynerlar, xalqaro tashkilotlar vakillari jam bo`lishdi.

Modalar ko`rgazmasida isroillik dizayner Sasoon Kedem, fransiyalik taniqli dizayner David Vinsent Kamuglio, gruziyalik modeler-dezayner Mariam Kiteseshvili tomonidan yaratilgan liboslar namoyish etildi.

Podiumda nafaqat jahonning taniqli dizaynerlari liboslari, balki  hamyurtlarimiz dizaynerlar Eldor Ahmedov, Khafiz Khan, GUKA, Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn instituti talabalari, “O`zbekengilsanoat” DAK “Sharq liboslari markazi”ning milliy va zamonaviy liboslari ham namoyish etildi.

Isroil, Gruziya, Fransiya mamlakatlarining O`zbekistondagi elchilari, BMT hamda qator xalqaro diplomatik korpus vakillarida O`zbekistonlik dizaynerlarning milliy va zamonaviy matolar uyg`unligida yaratgan ishlari katta qiziqish uyg`otdi. Ayniqsa dizayner Eldor Ahmedovning Surxondaryo-Qashqadaryo yo`nalishida yaratgan kolleksiyasi olqishlarga sabab bo`ldi. 

    Boshqa yangiliklar