Futbol bo`yicha 2015 yilgi Osiyo Kubogi tashkilotchilari musobaqa guruh bosqichining eng chiroyli gollari to`plamini tayyorlashdi. Reyting ko`rinishida emas, balki uchrashuvlar ketma-ketligi bo`yicha saralangan gollar to`plamini YouTube’da tomosha qilish mumkin.
Musobaqa tashkilotchilari “V” guruhi 1-turi doirasidagi O`zbekiston – Shimoliy Koreya (1:0) uchrashuvida hujumchi Igor Sergeev, shuningdek, 3-turi doirasidagi O`zbekiston – Saudiya Arabistoni (3:1) uchrashuvida hujumchi Vohid Shodiev tomonidan urilgan gollar to`plam uchun tanlab olishgan.
Qayd etish joiz, har ikkala holatda to`p bosh bilan kiritilgan – Igor Sergeevning goliga milliy terma jamoa sardori Server Jeparov hammualliflik qilgan bo`lsa, Shodievga to`pni o`ng qanot himoyachisi Shavkat Mullajonov etkazib bergan edi.
E`tiborli tomoni, O`zbekiston – Xitoy (1:2) o`yinida Ignatiy Nesterov darvozasidan o`rin olgan har ikkala gol ham “eng chiroyli gollar” qatoridan o`rin olgan – dastlabkisida Vu Si jamoasining chiroyli kombinasiyasini muvaffaqiyatli tugatgan bo`lsa, keyinroq Sun Ke uzoq masofadan gol urgandi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi-2015 guruh bosqichida jami beshta gol urdi. Ularga, Igor Sergeev va Vohid Shodievdan tashqari, Odil Ahmedov (Xitoyga qarshi o`yinda) va Sardor Rashidov (Saudiya Arabistoniga qarshi o`yinda, ikkita gol) mualliflik qilgan.
O`zbekiston milliy terma jamoasi 22 yanvar, payshanba kuni Osiyo Kubogi-2015 chorak final bosqichi doirasida Avstraliyaning Melburn shahrida Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 12:30da boshlanadi.
Manba: www.kun.uz





