Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi o`simlik va hayvonot dunyosini himoya qilish guruhining faoliyati to`g`risidagi hisobotni taqdim etdi, deb xabar bermoqda «Uz24.uz».
Qayd etilishicha, bugungi kunda ko`kalamzor hududlar Toshkent shahri umumiy maydonining 30 foizini tashkil etadi. Shahardagi ekologik holatga 65,34 gektar maydonni egallagan Botanika bog`i va umumiy hududi 190,4 gektarga teng bo`lgan 19 ta bog` ijobiy ta`sir ko`rsatmoqda. O`tgan yili Anhor bo`yida yangi bog` hududi tashkil etildi. 2014 yil 5 iyunda esa hukumat «Do`rmon milliy bog`ini tashkil etish to`g`risida» qaror qabul qildi.
O`simlik va hayvonot dunyosini himoya qilish guruhi atrof-muhit muhofazasi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishining nazoratini kuchaytirish bo`yicha ishlarni amalga oshirdi. Natijada 19 million so`mdan ortiq jarima undirildi. Fuqarolar va tashkilotlarning arizalariga binoan shahardagi o`simlik dunyosini muhofaza qilish masalalari bo`yicha 1,5 mingdan ortiq chiqishlar qilindi.
Beshyog`och, Baxt va Rohat ko`llaridagi qushlar to`xtaydigan maskanlarda ularning nobud bo`lishi holatlari va infeksiyali kasalliklar tarqalib ketmasligi bo`yicha tekshiruvlar o`tkazildi. Shahar hududidagi bozorlarda o`tkazilgan 15 ta reyd davomida 180 ta o`rmon sayroqi qushlari va 2 ta lochin olib qo`yildi va erkinlikka chiqarildi.





