Avval xabar qilinganidek, «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 58-moddasiga hamda «O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolarini qonunchilikda belgilangan tartibda ro`yxatga olgan.
Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 81-moddasi, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun va “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisini shu yilning 22 yanvar kuni Toshkent shahrida chaqirish to`g`risida qaror qabul qildi.Ushbu muhim tadbir arafasida, 20 yanvar kuni “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida”gi Qonunning 63-moddasiga, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi Raisi Mirza-Ulug`bek Abdusalomov parlamentimiz yuqori palatasi a`zolariga guvohnoma hamda ko`krak nishonlarini topshirib, senatorlarning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati bildirishicha, ushbu tantanali marosimda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, senatorlar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.





