AsosiyJamiyat

Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirdi

17 yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O`zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O`zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasi vakillari O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish maqsadida tegishli hujjatlarni taqdim etdi, deya xabar bermoqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi.

Bular «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunning 24¹-moddasiga binoan saylovda ishtirok etish to`g`risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, Adliya vazirligining siyosiy partiya ro`yxatga olinganligi ko`rsatilgan ma`lumotnomasi hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lajak nomzod to`g`risidagi ma`lumotlardan iborat.

– Hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana qayd etilgan ma`lumotnomani beradi, – dedi Markaziy saylov komissiyasi kotibi K. Adilov. – Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to`g`risida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro`yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro`yxati arizalar kelib tushish navbatiga qarab matbuotda e`lon qilinadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi shu yilning 29 mart kuni bo`lib o`tadi. «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunning 24-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar. Bunda siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e`lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olingan taqdirdagina O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatishi mumkin.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Boshqa yangiliklar