15 yanvar kuni “O`zbeknavo” estrada birlashmasining yil hisobotiga bag`ishlangan uchrashuvi bo`lib o`tdi. Unda Madaniyat va sport ishlari vaziri v.v.b. Bahodir Ahmedov, taniqli shoir, senat a`zosi Iqbol Mirzo, birlashmaning qator mas`ullari, san`atkorlar va OAV xodimlari ishtirok etdi, deya xabar qiladi shov-shuv.uz nashri.
Tadbir boshida so`z olgan Bahodir Ahmedov nutq so`zlab, o`tgan yil sarhisobiga to`xtalib, sohada amalga oshirilgan ishlar, qo`lga kiritilgan yutuqlar haqida gapirdi. Undan tashqari, 2015 yilda estrada birlashmasi oldiga qo`yilgan muhim vazifalar sanab o`tilib, o`tgan yillarda echimini topmagan masalar yuzasidan aniq to`xtam, jo`yali maslahat va xulosalar bildirildi. Rahbar yangi g`oyalarni ham o`rtaga tashladi. Unga ko`ra, estrada yo`nalishida ijod qilayotgan talantlar uchun festival tashkil etish borasida yangi loyiha ishlab chiqiladi. Bahodir Ahmedovning nutqidagi quyidagi fikrlar diqqatga molik bo`ldi:
- Nazdimda, bugun hamma san`atkorlar jonli kuylashga tayyor bo`lishi kerak. Yakkaxon konsertlarda fonogrammaga chek qo`yilar ekan, ana shundagina asl san`at yuzaga chiqadi. Ana shunda san`atkor tomoshabinlarning “fonogrammachi” deya otadigan “tosh”idan xolos bo`ladi! Undan tashqari, joriy yildan boshlab, konsertlar rejissurasiga ham alohida e`tibor qaratamiz. San`atkor istagan rejissyorni nomiga o`z konserti uchun tanlamasdan, bu borada ham maslahatlashib ish tutsa, dasturning yuksak saviyada o`tishiga erishish mumkin. Shuning uchun har bir san`atkor konsert kuniga qadar dasturning to`liq shaklini mas`ul ijodkorlarga taqdim etishi darkor. Sifat uchun ishlash davri keldi. Musiqiy telekanallar etarli, ovoz yozish studiyalari, radiokanallar ham. Menimcha, endi yaxshi ijod qilish uchun turli bahonalar o`rinsiz bo`ladi. So`nggi yillarda xorij san`atkorlari ham yurtimizda tez-tez konsert bermoqda. Biroq, ularning maqsadi pul ishlashdan nariga o`tmayapti. Endi bir taklif bor: xorij yulduzlari o`zbek sahnasida o`zimizning yulduzlar bilan ham qo`shiq kuylasin! Axir, o`zbek talantlarining kam joyi yo`q! Bir paytlar “Gypsy Kings” guruhi poytaxtimizdagi konsertida Ravshan Namozovning iste`dodiga tan bergani esimizda. O`zbek san`atkorlari ham xorijda gastrolda bo`lar ekan, hech kimdan kam emasligini ko`rsatishga intilishi kerak. Joriy yilning avgust oyida “Sharq taronalari” 10-marotaba o`tkaziladi. Ayni paytda ushbu nufuzli festivalda 98 ta mamlakatdan san`atkorlar ishtirok etish istagini bildirdi. O`tgan yillarda bu ko`rsatkich 60dan oshgandi. Yildan-yilga turli davlatlar ishtiyoqining oshishi mamlakatimiz san`at va madaniyati bobida salmoqli o`zgarishlar kechayotganidan bir darakdir.
Nutqdan so`ng o`tgan yil davomida barakali ijod qilib, vazirlik va birlashma tomonidan uyushtirilgan turli madaniy tadbirlarda faol, beminnat xizmat qilgan bir guruh san`atkorlarga maxsus diplom va esdalik sovg`alar topshirildi. Bu gal prodyuserlar ham e`tibordan chetda qolmadi.
Shahzoda, Ulug`bek Rahmatullaev, Lola, Shohruxxon, Manzura, Alisher Fayz, Ozodbek Nazarbekov, G`ulomjon Yoqubov, Zulayho Boyxonova, Gulsanam Mamazoitova, Jahongir Poziljonov kabilarga turli yo`nalishlar bo`yicha diplomlar topshirildi. “Tarona Rekords”ning bosh prodyuseri Sarvar Rahmatullaev va Ozodbek Nazarbekovning prodyuseri Ilyos Dadaboevlar “Eng faol prodyuser” sifatida e`tirof etildi. Azim Mullaxonov va Kozim Qayumovlarning estradagi bir necha yillik ijodi inobatga olinib, ularga ham maxsus diplomlar ulashildi. Ustoz raqqosa Gavhar Matyoqubova esa diplomni qo`lga olib, yig`ilganlarga qarata dil izhorlarini bildirdi: “70 yoshda ham qarilikni bir chetga surib, san`at uchun xizmat qilish hammaga nasib etsin! Axir, yurt uchun mehnat qilish - mehnatlarning eng yaxshisidir”!
Tadbir chog`ida 30 ta diplom egalariga topshirilgan bo`lsa, yana 34 ta talantli yoshlarimizga estrada birlashmasi ichki nizomiga muvofiq, bir yil davomida to`lovsiz lisenziya taqdim etilishi va ularning ovoz yozish studiyasida tekin qo`shiq yozishlari e`lon qilindi. Undan tashqari, shunday yuksak ishonch bildirib, rag`batlantirilgan yoshlarga musiqiy telekanallarda yangi videokliplarini ham tekin namoyish etishlari imkoni yaratiladi.
Bunday rag`batlar ijod ahliga nafaqat ko`tarinki ruh baxsh etadi, balki, yanada ilg`or va samarali ijod qilish mas`uliyatini ham yuklaydi. San`at va madaniyat rivoji uchun jonbozlik ko`rsatishda shaxdam qadam tashlashdan tolmang, azizlar! Millat bayrog`ini baland ko`tarishdan, el dardi va orzularini kuylashdan charchamang!
P.S.: 1.Tadbirda Iqbol Mirzoning quyidagi so`zlari katta olqishlar bilan qarshi olindi: «O`zga yurtning spagettesidan o`z yurtingning mastavasi yaxshi!”
2.Qator she`rlari qo`shiqqa aylanib, o`nlab xonandalarning elga tanilishida xizmat qilgan mashhur shoira Farida Afro`zga ham maxsus diplom topshirildi.
3.“O`zbeknavo” lisenziya bo`limi boshlig`i vazifasiga Odiljon Abduqahharov, direktor o`rinbosari Farhod Jo`raev boshqa ishga o`tganligi sababli u egallab turgan lavozimga Murod Majidov tayinlangani ma`lum qilindi.





