28 yanvar kuni AQShning Filadelfiya shtatida bo`lib o`tadigan kim oshdi savdosiga o`lchami 229x143 santimetrga teng XIX asrda yaratilgan o`zbek so`zanasi Freeman’s auksion uyi tomonidan qo`yildi, deb xabar bermoqda daryo.uz «Telegraf.uz»ga asoslanib.
Uning asosini och rangdagi mato tashkil qilib, qizil rangdagi nozik gulli naqsh bilan tikilgan. Ushbu lotning taxminiy bahosi 2−3 ming AQSh dollariga teng. Bundan tashqari, o`lchami 280x244 santimetrga teng XX asr so`zanasi ham taqdim qilingan. Undagi geometriya naqshi qizg`ish, sariq va to`q yashil iplarda tikilgan yirik medalonlardan iborat. Mazkur so`zananing baholangan narxi 1−2 ming AQSh dollarini tashkil qiladi.
Shu bilan birga, savdoga XIX-XX asrlarda tikilgan bir nechta o`zbek liboslari ham qo`yilgan. Ular ekspertlar tomonidan 1−1,5 ming AQSh dollariga baholandi.
Kim oshdi savdosining boshqa lotlari orasidan bronza haykalchalari, terrakot idishlar, zargarlik buyumlari, mebel joy olgan bo`lib, ularning umumiy soni 400 tadan oshadi.





