2013 yil oktyabr oyida Toshkent viloyati Ohangaron tumani Ovjasoy qishlog`ida qadimiy hayvonlarning suyak qoldiqlari topilgan. Topilgan suyak qoldiqlari xartumsimon mamontlarga tegishli deya taxmin qilingan edi. Topilmalarni qazib olish ishlari 5 kun davom etgan bo`lib, bu ishga butun qishloq ahli jalb etilgan.
Qoldiqlarni o`rganish maqsadida ehtiyotkorlik bilan Geologiya muzeyiga keltirilgan. Muzey direktorining ma`lumot berishicha, uzoq olib borilgan izlanishlar natijasida topilgan suyak qoldiqlari mamontlarga emas, balki mamontlardan avval mavjud bo`lgan xartumsimon hayvonlarga tegishli ekanligi aytilmoqda. Suyaklarni qayta tiklash va muzey eksponatiga aylantirish uchun malakali mutaxassislar faoliyat olib borishgan. So`ngi 60 yil davomida topilgan bu eksponat Yangi yilda maktab o`quvchilari va muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun quvonarli xabar bo`ldi.
Muzey direktorining ma`lum qilishicha, topilmalar arxidiskodonlarga, ya`ni mamontlarga o`xshagan ulkan junli hayvonlarga tegishli bo`lgan. Bosh qismidagi junlari bilan hisoblaganda arxidiskodonlarning bo`yicha 4,5 metrni tashkil etgan. Bu hayvonlar eramizdan 2-2,5 million yillar avval yashab o`tgan va o`t-o`lanlar, daraxt barglari bilan oziqlangan. Arxidiskodonlardan keyin mamontlar paydo bo`la boshlagan.
Qazilmalarni o`rganish va tiklash maqsadida Geologiya muzeyi hamda Kimyo va fizika instituti mutaxassislari uzoq vaqt ish olib borishdi. Ya`ni, suyaklar qazib chiqarilgandan so`ng tashqi muhitni ta`sirida suyaklar sinishi va burdalanishi yuzaga kela boshladi. Natijada maxsus qorishmalar yordamida suyaklar tiklana boshladi. Birgina arxidiskodonning suyagini tiklash uchun 40 litrdan ziyod qorishma sarf etilgan. Ikkinchi arxidiskodonning suyaklarini tiklashga hali ko`pgina vaqt talab etilmoqda. Shu bilan birga, maxsus qorishmalar ham ikki barobar ko`p sarf etilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, dastlab suyaklarni tiklash uchun xorijiy mutaxassislar ham jalb etildi, biroq ular bergan maslahatlar O`zbekiston sharoitiga to`g`ri kelmagani uchun o`zimizning mutaxassislar bu ish ustida jiddiy ishlashdi. Hozirgi kunda bu eksponatni uzoq muddat saqlash uchun ma`lum shart-sharoitlarga e`tibor berish talab etiladi.
Topilma suyaklarni tiklashga sarf etilgan mablag`lar Geologiya davlat qo`mitasi tomonidan amalga oshirilgan. Hozirgi kunda topilmalarning yoshi nechadaligi ustida ishlar olib borilmoqda.
Muzey direktori kelgusida ham O`zbekiston erlarida bu kabi noyob topilmalarning topilishiga umid bog`lamoqda.
12news.uz





