BBC korporasiyasi o`z efir dasturlaridan malika Diana haqidagi filmni olib tashladi. Bunday qaror qabul qilinishiga shahzoda Charlz tomonidan o`tkazilgan huquqiy bosim sabab bo`ldi, deya xabar beradi The Daily Mirror. Ikki qismli Reinventing The Royals hujjatli filmining namoyishi 4 yanvar kuni o`tkazilishi kerak edi.
Kartinada Diananing o`limidan keyingi voqealar aks ettirilgan, xususan film mualliflari qirollik oilasi shahzoda Charlz hamda turmush o`rtog`i Kamilla Rozmari Mauntbetten-Vindzorlarning (oldin Kamilla Parker-Boulz bo`lgan) OAVdagi imijini yaxshilash uchun PR-mutaxassislarni ishga solishatganligini tasdiqlashdi.
Filmni dasturlar jadvaliga kiritishga tayyorlanishayotgandi, biroq BBC tahririyati Charlz va Kamilla adovkatlaridan kelib tushgan xat sabab qarorni bekor qilishdi.
BBC vakillari filmning namoyishi kechiktirilgan, biroq tamoman olib tashlanmaganligini ma`lum qilishmoqda. Ularning so`zlariga ko`ra, kartina ba`zi muammolar, jumladan arxiv materiallaridan foydalanish bo`yicha masala hal bo`lgach, efirga uzatiladi.
2006 yili Diananing falokatidan so`ng qirollik oilasi hayotiga bag`ishlangan “Qirolicha” nomli biografik film ishlangan edi.
Malika Diana 1997 yili Parijda ro`y bergan avtofalokat sabab olamdan o`tgan edi. 1981-1996 yillarda u shahzoda Charlzning xotini bo`lgan. Diana xayriya hamda tinchlikni saqlash borasida juda faol bo`lgan. Diana va Charlzning ajrashib ketishlariga sabablardan biri shahzodaning Kmialla Parker-Boulz bilan munosabatlari bo`lgan. Nikoh bekor qilinib, malika halok bo`lgach, OAVda Charlz hamda uning yangi xotinini ko`p tanqid qilishgandi.





